Kitobsevar oilalar bir tanlovda jam bo‘ldi
2026-08-14 15:25:00 / Yangiliklar

Tanlovda shahardagi 6 ta faol va kitobxon oilalar ishtirok etib, o‘zlarining kitobga bo‘lgan mehr-muhabbati, mutolaa borasidagi bilim va ko‘nikmalari hamda oilada kitobxonlik an’analarini namoyon etdilar.
Tanlov davomida ishtirokchi oilalarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishi, kitob mutolaasi bo‘yicha bilimlari, o‘qigan asarlari mazmunini tahlil qilish va ulardan hayotiy xulosa chiqarish qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, oilada kitobxonlik muhitini shakllantirish, farzandlarni mutolaaga jalb etish va kitobning inson ma’naviy kamolotidagi o‘rni yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida kitobning inson tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirishdagi beqiyos ahamiyati, oilaviy mutolaaning farzandlar tarbiyasidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. “Kitobxon oila” kabi tanlovlar orqali oilalarda kitob o‘qish an’anasini mustahkamlash, ota-onalarni farzandlari bilan birgalikda mutolaa qilishga undash va yoshlar orasida kitobxonlikni ommalashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tanlov yakunida faol ishtirok etgan oilalar munosib rag‘batlantirilib, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati bo‘limi boshqaruvi tomonidan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alar topshirildi. Bu esa ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Tadbir samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashish, tajriba ulashish va oilaviy kitobxonlikni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat yaratildi.
“Kitobxon oila” tanlovi — oilada kitobxonlik muhitini shakllantirish, ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash va kitobsevar avlodni tarbiyalash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni kelgusida ham muntazam davom ettirish, oilalar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan.




