Qobil Xamdamovning ilk rasmiy muloqoti yoshlar bilan bo‘lib o‘tdi
2026-06-11 22:10:00 / Yangiliklar

Nurafshon shahar hokimi lavozimida faoliyatini boshlagan Qobil Xamdamov ham ilk rasmiy uchrashuvini aynan yoshlar bilan o‘tkazgani bejiz emas. Mazkur muloqotda shaharning faol yoshlari, mahalla yoshlar yetakchilari, mahalla raislari, yoshlar siyosatiga mas’ul tashkilotlar vakillari, shuningdek, shahar prokurori T. Karimov, shahar IIB boshlig‘i A. Yo‘ldashev hamda shahar soliq inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i J. Sayfiyev ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Nurafshon shahrida 10 mingga yaqin yoshlar turli sohalarda samarali faoliyat yuritib, ta’lim olish, kasb egallash va kelajakdagi ulkan maqsadlari sari intilib kelmoqda. Shahar hokimi o‘z nutqida yoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy bunyodkorlari ekanini alohida qayd etib, ularning har tomonlama kamol topishi davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlar siyosati yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan har bir rahbar, mutasaddi va yoshlar yetakchisi yoshlarning taqdiri, kelajagi va muvaffaqiyati uchun mas’ul ekanini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning tashabbuslari, startap loyihalari, innovatsion g‘oyalari va takliflari tinglandi. Yoshlar tomonidan ilgari surilgan fikr va mulohazalar asosida hududda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish, Prezidentimiz tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish hamda ulardan samarali foydalanishni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Muloqot yakunida yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Bu esa Nurafshon shahrida yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.






