1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
2026-06-02 11:35:00 / Yangiliklar
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Nurafshon shahrida bayram tadbirlari tashkil etildi. Shahar markazidagi favvora oldida o‘tkazilgan tadbirda Nurafshon shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Inomxonov, jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Inomxonov bolajonlarni bayram bilan samimiy qutlab, mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bayram munosabati bilan bolajonlarga muzqaymoq va salqin ichimliklar tarqatilib, ularga quvonch ulashildi. Shuningdek, Nurafshon shahar Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bolajonlarning beg‘ubor tabassumi, samimiy kulgisi va quvonchga to‘la nigohlari ushbu bayramning eng yorqin va unutilmas lahzalariga aylandi.






