Nurafshon shahri iftihorlari e'tirof etildi
2026-06-01 19:35:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Nurafshon shahar hokimi Ilxom Klichxanov bir guruh iqtidorli yosh sportchilar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Unda yoshlarning erishgan yutuqlari yuksak e’tirof etilib, ularning sport yo‘lidagi mashaqqatli mehnat alohida ta’kidlandi. Shaharimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilayotgan sportchilar tashakkurnomalar, qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda sportdagi faoliyati va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vitaminlar jamlanmalari bilan taqdirlandi.
🏆Xususan:
🏅Artur Guliyev — baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempioni;
🏅Mirjamol Komilov — ushbu yo‘nalishda jahon chempionatining kumush medal sovrindori;
🏅Milana Dushevyanich — baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempioni;
🏅Shahzoda Mamadaliyeva — parakanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempioni sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Toshkent dengizi hududida muntazam ravishda eshkak eshish sport turi bilan shug‘ullanib kelayotgan yosh sportchilar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Unda sportchilarning kundalik mashg‘ulot jarayonlari, ularga yaratilgan sharoitlar, shuningdek, mavjud muammolar va takliflar atroflicha o‘rganildi.
Bunday uchrashuvlar yosh sportchilarning intilishlarini oshirish, ularni yangi marralar sari ruhlantirish hamda Nurafshon shahrida sportni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.







