RASMIY MUNOSABAT
2026-05-18 19:10:00 / Rasmiy munosabat
Nurafshon shahrining “Navro‘z” mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan joriy yilning 21-aprel kuni oilaviy masala yuzasidan Nurafshon shahar hokimligiga murojaat qilingan. Mazkur murojaat hokimlikning murojaatlar bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan.
Holat shu kunning o‘zida nazoratga olinib, ishchi guruh tuzilgan hamda Odob-axloq komissiyasi shakllantirilgan. (Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Qonuni 14-moddasiga ko'ra batafsil ma'lumotlar oshkor qilinmadi)
Tomonlar o‘rtasidagi nizoni bartaraf etish hamda oiladagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida har ikki tomon bir necha bor shahar hokimligi va Nuroniylar maskaniga chaqirtirilgan. Biroq, ma'lum sabablarga ko‘ra tomonlar to‘liq tarkibda ishtirok etmagan hamda murojaatchi tomonidan muhokamani boshqa muddatga qoldirish so‘ralgan.
Shuningdek, murojaatda nomi tilga olingan mahalla xotin-qizlar faoli salomatligi bilan bog‘liq ravishda davolanish jarayonida bo‘lgani, holat esa qo‘shimcha o‘rganishni talab qilgani hamda masala oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq ekani inobatga olinib, komissiya tomonidan qo‘shimcha muddat belgilangan. Bu haqda Nurafshon shahar hokimligining murojaatlar bo‘limi tomonidan 5-may kuni murojaatchiga yozma tarzda ma’lum qilingan.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan o‘rganish va tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etiladi.
