Madaniyatga xizmat — yuksak sharaf. Nurafshonda bir guruh madaniyat xodimlari e’tirof etildi
2026-04-15 19:32:00 / Yangiliklar
Bugun Nurafshon shahridagi "Tong" madaniyat saroyida 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o'tkazildi. Ushbu sana nafaqat soha vakillari, balki jamiyatimiz ma’naviy hayotiga beqiyos hissa qo‘shayotgan insonlarga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Tadbirda Nurafshon shahri hokimi Ilxom Klichxanov ishtirok etib, qatnashchilarga samimiy tabrik yo‘lladi.
Shahar hokimi o‘z nutqida madaniyat sohasi vakillarining jamiyatdagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidlab, ularning fidokorona mehnatini yuqori baholadi hamda kelgusida ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirdi.
Tadbirda yillar davomida fidokorona mehnat qilib kelayotgan faxriylar, bugungi kunda madaniyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ilg‘or xodimlar va faol ijodkorlar munosib taqdirlandi. Ularning har biri o‘z mehnati, iste’dodi va tashabbusi bilan jamiyatimiz ma’naviyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutib kelayotgani e'tirof etildi.






