Nukusda "24/7 ko‘cha": Prezident islohotlari va jahon tajribasi
2025-09-10 10:10:00 / Yangiliklar

Kelajak Nukus qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
"Obod shahar - obod insonlar uyi. Inson bilan shahar bir-birini obod etadi."
(Abu Nasr Forobiy).
"Ko‘cha va bozor odamlarning yuzi kabi, uning tartibida millatning qiyofasi ko‘rinadi."
(Alisher Navoiy).
Nukus shahri hokimi A.Daniyarov tashabbusi bilan S.Kamalov va Mustaqillik ko‘chalarini "24/7 ko‘cha" konsepsiyasi asosida rivojlantirish masalasi joriy yilgi dasturga kiritildi. Ushbu loyiha nafaqat shahar infratuzilmasini yaxshilash, balki Prezident tomonidan belgilangan strategik vazifalarga hamohang tarzda amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimizning 2024 yil 20 sentyabrdagi PQ-330-sonli qarorida ("Kambag‘allikdan farovonlikka qarab") shahar va tumanlarda iqtisodiy o‘sishga turtki beradigan drayver loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratishga davlat byudjeti mablag‘lari yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lib, Nukusdagi "24/7 ko‘cha" tashabbusi xizmat ko‘rsatish sohasidagi drayver loyihalardan biri sifatida o‘rganildi va bugungi kunda qurilish ishlari boshlanish arafasida turibdi. Bugun shahar hokimi A.Daniyarov ana shu masalada "Do‘stlik" MFYdagi S.Kamalov va Mustaqillik ko‘chalarida bo‘lib, shahrimizdagi qurilish sohasi mutaxassislari bilan amalda qo‘llaniladigan loyihalar bo‘yicha rejalarni ko‘rib, fikr-takliflarini bildirdi.
Bugun biz rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda ularning tabiiy resurslari, iqtisodiyotdagi boshlang‘ich tarixiga nazar solar ekanmiz, Nukus uchun eng maqbul yo‘nalish - Barselona modeliga yaqinlashishdir. Chunki qoraqalpoq milliy madaniyati, hunarmandchiligi va oshxonasi mahalliy kolorit sifatida kuchli sayyohlik jozibasiga ega.
"24/7 ko‘cha" loyihasi Nukus uchun bir qancha imkoniyatlarni beradi.
Iqtisodiy jihatdan yangi ish o‘rinlari va tadbirkorlikning rivojlanishi, ijtimoiy jihatdan aholining tunda ham xavfsiz va qulay harakatlanishi, madaniy samara milliy san’at va mahsulotlarni namoyish etish imkoniyati yaratiladi.
Misol uchun bu ko‘cha bo‘ylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyidagi ko‘rgazmalar arxeologiya, etnografiya, tabiat va yangi tarix bo‘limlari, hunarmandchilik buyumlari, taqinchoqlar, kiymeshek, bronza quyma idishlari, Orolbo‘yining qadimgi hayvon va o‘simliklarining toshga aylangan qoldiqlari, yo‘qolib ketgan qushlar va hayvonot kepleri o‘rin olgan. "So‘nggi Turon yo‘lbarsi" ko‘rgazmasi alohida faxrlanishga, namoyish etishga loyiq.
Yana bu ko‘cha bo‘ylarida milliy (suvenir) do‘konlar bo‘lib, hatto mahalliy aholini ham qiziqtirishi mumkin.
Nukusdagi "24/7 ko‘cha" tashabbusi - mahalliy hokimlik tashabbusi bilan Prezident qarorlari va xalqaro tajriba uyg‘unligidagi yangi bosqichdir. Eng muhimi, aholi va tadbirkorlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar loyiha bosqichma-bosqich va tizimli amalga oshirilsa, S.Kamalov va Mustaqillik ko‘chalari nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik mehmonlar uchun ham Nukusning "ko‘zgusi"ga aylanishi mumkin.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Nukus dunyo tajribasi bilan harakat qilmoqda. Xo‘sh, jahon tajribasi bizning iqtisodiyotimizga, tabiiy resurslarimizga nisbatan to‘g‘ri keladimi?
Masalan, Singapur tabiati singapurliklarga ko‘p narsa, ya’ni tabiiy resurs bermaydi. Neft ham, gaz ham, hatto toza ichimlik suvi ham yetarli emas edi. Lekin tarix shuni isbotlayaptiki, katta davlat bo‘lish uchun katta resurslar zarur emas. Asosiy boylik inson kapitali va aniq rejaga asoslangan siyosatdir.
Linda Y.C. Lim va Pang Eng Fongning tahliliy ishi ushbu haqiqatni yana bir bor eslatadi. Kitobda Singapurning iqtisodiy taraqqiyoti "retrospeksiya" va "refleksiya" orqali tahlil qilinadi. Ya’ni o‘tgan yo‘lga qarash va undan olingan saboqlarni kelajakka yo‘naltirishdir.
Singapur hukumati dastlab o‘z iqtisodiy modelini tashqi dunyoga ochish bilan boshladi. Ishlab chiqarish eksportga yo‘naltirildi, xorijiy investitsiya jalb qilindi. Har bir qadamda ochiq-oshkora qonunlar, samarali boshqaruv va ta’limga katta e’tibor qaratdi.
Kitobda ta’kidlanishicha, Singapurning asosiy strategiyasi - resursga emas, bilim va texnologiyaga tayanish bo‘lgan. Mamlakat iqtisodiyoti xizmatlar sohasi, logistika va moliya markaziga aylandi. Ya’ni suv, yer va neft kabi boyliklarga emas, balki inson salohiyatiga tayanadi.
Bu jarayonda infratuzilma ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Asfaltlangan yo‘llar, portlar, aeroportlar, tezkor internet - barchasi investitsiya va innovatsiya uchun zamin yaratdi.
Singapur tarixi shuni ko‘rsatadiki, cheklangan resurslar millat uchun to‘siq emas, balki yangi yo‘l izlashga undaydi. Kitob mualliflari ham xuddi shu fikrni ilgari surib, tabiat bergani bilan emas, balki insonning aql-zakovati va uyushqoqligi bilan rivojlanadi.
Nukus va Qoraqalpog‘iston uchun bu saboq alohida qimmatli.Singapur misoli resurssiz ham rivojlanish mumkinligini isbotlaydi. Faqat - bilimga investitsiya, samarali boshqaruv va izchil strategiya zarur.
Shu ma’noda, Singapur tajribasi - Qoraqalpog‘iston uchun foydali qo‘llanma vazifasini o‘taydi.
Buni alohida ta’kidlab, "shtrix"lar bilan ko‘rsatib o‘tishimiz kerak. Singapur tarixidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning barchasi bizda bor.
Mamlakatimizda ham suvni tejash, umuman, Markaziy Osiyoda ham suv resurslaridan oqilona foydalanish kun tartibidagi dolzarb mavzu bo‘lmoqda. Qoraqalpog‘istonning suv resurslarini tejash kerak bo‘lsa-da, xalqning orzu-umidlari va kelajakka ishonchi to‘xtamaydi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: suvsiz ham taraqqiyotga erisha olamizmi?
Jahon tarixiga nazar tashlasak, bunga javob topish qiyin emas. Masalan, Singapur. Bir paytlar kichik port shahridan boshlangan bu mamlakatda suv manbalari deyarli yo‘q edi. Ular qo‘shni Malayziyadan suv sotib olib kun kechirgan. Lekin ilm va innovatsiyaga tayangan rahbarlar xalqqa yo‘l ko‘rsatdi. Har bir yomg‘ir tomchilari yig‘ildi, har bir tomchi qayta ishlandi. Texnologiya orqali suvsizlik muammosi hal qilindi. Bugungi kunda Singapur dunyodagi eng zamonaviy, eng toza shaharlardan biriga aylandi.
Yana bir ibratli misol sifatida Janubiy Koreyani oladigan bo‘lsak, 1950-yillardagi Seul ko‘chalarida asfalt deyarli yo‘q edi. Urushdan keyingi vayronagarchilik, qashshoqlik yuqori bo‘ldi. Lekin xalq ta’limga ishondi, davlat esa ilmga investitsiya kiritdi.
Har bir talabaning daftarida, har bir muhandisning qo‘lida kelajakning qurollari bilim va mehnat bor edi. Shunday qilib, kechagina asfaltsiz ko‘chalardan bugungi "Samsung" va "Hyonde" kabi gigantlar paydo bo‘ldi.
Bu ikki yo‘ldan chiqadigan xulosa aniq.Taraqqiyot tabiiy resurslarda emas, balki inson kapitalida, bilim va tartibda.
Nukus ham shu yo‘llardan bormoqda.. Kichik qadamlarda ko‘zga tashlanadi, har bir hududning ichki yo‘llarida, guzar yo‘l bo‘ylarida suv tejash texnologiyasi, har bir mahallada asfaltlangan yo‘llar, davlatimiz tomonidan ta’limga investitsiya kiritib, har bir maktabda ilmga chanqoq yoshlar tarbiyalanmoqda. Shu tariqa Nukus kelajakda zamonaviy shaharlardan biri bo‘ladi.
Bu - orzu emas, balki amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yo‘l xaritasi. Chunki, kichik ko‘chalardan katta yo‘llarga chiqishimiz mumkinligini tarix bizga isbotlab bermoqda.
E.Sagalatdinova
