Qabul qilingan qonunlarning mazmuni va ahamiyati haqida
2025-07-29 15:00:00 / Yangiliklar

Qabul qilingan qonunlarning mazmuni va ahamiyati haqida
Qabul qilingan qonunlar asosan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini, fuqarolarning siyosiy huquqlarini, fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi lozimligi, shuningdek har tomonlama himoya qilishga asos qilib olinishi kerak.
Ushbu qabul qilingan qonunlar qatorida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, milliy qonunchilik bazasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston tarixida ilk bor 2019 yil 2 sentyabrda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi hamda "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi.
Ushbu qonun hujjatlari xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi. Kuch ishlatish va zo‘ravonlikni boshidan kechirgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va zo‘ravonlikning har qanday shakliga munosabat muhitini joriy etishni kafolatlaydi.
Shuningdek, 2019 yilda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar uchun "himoya orderi" instituti joriy etildi. Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi. Xotin-qizlar va bolalar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun amalga kiritildi.
Mazkur hujjat bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjudligini, xususan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini beruvchi orderning amal qilish muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishni ta’minlash imkonini bermaganligi sababi sifatida bayon etilgan. Qabul qilingan qonun bilan esa endilikda ayollarga tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlikdan himoya orderining muddati bir yilgacha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan uzaytirilishi belgilab qo‘yildi.
Himoya orderi berilgan ko‘pchilik xotin-qizlar qayta zo‘ravonlikka uchragan. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘yicha to‘plangan material sudga kelib tushgan vaqtdan e’tiboran 24 soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqib, ish yakuni bo‘yicha qaror qabul qiladi. Ushbu qarorda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek, mashg‘ulotining turi va yashash joyi, himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar ko‘rsatiladi.
Qonunda ushbu muddatlarning bir yilgacha belgilanishi ayollarimizga yetarli darajada psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam ko‘rsatilishi va ish bilan ta’minlanishi hamda huquqbuzarliklar kamayishiga yordam beradi.
Nukus tumanlararo ma’muriy
sudining sudyasi K.R.Babanazarov.
