Biz yangilanishlarga tayyormizmi?
2026-10-22 00:50:00 / Yangiliklar

Biz yangilanishlarga tayyormizmi?
Bugungi davlat axborot xodimlari shunchaki axborot yetkazuvchi, kreativ videolar yoki xalq bilan suhbatlarni yorituvchi emas, balki nazorat qiluvchi, kerak boʻlsa tegishli tashkilotlar faoliyatini kuzatuvchi va shu asosda materiallar tayyorlovchidir.
Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra yoʻlga qoʻyilgan "Zarbshunos" (Zarbdor), "Mirzo Ulugʻbek" tumani tajribalari asosida "Xalqlar doʻstligi", "Oʻrnek", "Kuhna shahar" (Gʻoʻne qala), "Yosh avlod", "Jayxun", "Navbahor", "Tadbirkorlar hududi", "Qum ovul", "Chimboy choyxonasi" mahallarida xalq turmushini yaxshilashga qaratilgan xayrli ishlar va bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xabaringiz bor, Nukus shahri hokimi A. Daniyarov tomonidan bir necha loyihalar tashabbus sifatida keng jamoatchilikka taqdim etilgan edi.
Eslatib oʻtishimiz kerakki, oʻn yildan ortiq vaqt davomida avtomobil yoʻlining torligi sababli noqulayliklar va tirbandliklar yuzaga kelib, yoʻlovchilarning ortiqcha vaqti yoʻqotilar edi. Paytaxtimizdagi "Kuhna shahar" hududidan oʻtuvchi yoʻllar kengaytirilib, yoʻlovchilar uchun qulayliklar yaratildi.
Shuningdek, shahrimiz hokimi tomonidan "Nukus dehqon bozori" AJ Kuhna shahar filialini hozirgi holatdan zamonaviy tarzdagi bozorga aylantirish boʻyicha taklif va loyiha maʼlumot sifatida taqdim etilgan edi. Toʻgʻri, "Nukus dehqon bozori" AJda ilgari boʻlmagan tarixiy qadam tashlanib, xaridor va sotuvchilar uchun zamonaviy bostirmalar qurildi va natijada xalq roziligiga erishildi.
Loyihalardan biri boʻlgan "Nukus dehqon bozori" AJ Kuhna shahar filiali boʻyicha oʻquvchilarimizga hech qanday maʼlumot taqdim etmagan edik. Biz shahar hokimining ushbu tashabbusini "kuzatish" maqsadida bozoming Kuhna shahar filialida boʻldik.
— "Yodimda, bu yerlarga xaridor boʻlib kirib kelish juda mashaqqatli edi. Ayniqsa, yomgʻirli kunlarda poyabzalimiz loy boʻlib, mol bozoriga emas, ekinzorga kirganday savdo qilardik. Oʻn yildan ortiq vaqt davomida shunday manzaralarning guvohi boʻlib, bu holatga koʻnikib qolgandik. Koʻnikib ketganimizdan eʼtibor ham bermay qoʻygandik. Yaqin kunlarda bozorning ichki va tashqi tomoniga sement yoʻllar yotqizildi", — deydi "Samanbay" MFY turgʻuni Hamid Yusupov.
— "Necha yillardan beri mebel yasab satamiz. Ayniqsa yomgʻirli kunlari biz uchun ortiqcha tashvishlardan biri buyumlarimizning ustini yopish boʻlardi. Mana, bostirmaga ega boʻldik. Kuz mavsumida bilasiz, yomgʻir-shatagʻli kunlar juda koʻp boʻladi. Xaridorlar bunday kunlarda kelmas edi. Yomgʻir suvini kechib mebel koʻrish kimga ham yoqardi? Yaqinda bozorning ichki yoʻllariga beton qoplamasi yotqizildi. Yomgʻir suvlari uchun oldindan ariqlar (lotoklar) qurildi. Kanalizatsiya va elektr tarmoqlari yangilandi. Rostini aytsam, ushbu bozorda yigirma yildan beri tadbirkorlik bilan shugʻullanaman. Bunday oʻzgarish boʻlishini kutmagan edik. Shahar hokimi Abat Daniyarov kelib suhbatlashganidagina ishondik. Haqiqatdan ham ishlar boshlanib ketdi", — deydi tadbirkor Timur Lepesov.
Biz hammasini koʻzdan kechirdik. Xalqning ijobiy fikrlarini tingladik, xayrli ishlardan koʻnglimiz toʻldi va "kuzatuvchanlik" vazifamizni yakunlayotgan edik...
Ushbu quvonchli fursatda bir manzara diqqatimizni tortdi. Oʻrindiqda oʻtirgan sotuvchi yigit kungaboqar urugʻini ("semechka") chaqib oʻtirgan edi. Bizning qarab turganimizni koʻrib tursa ham, poʻchoqlarini yoʻl ustiga tashlab oʻtiraverdi.
Necha yillardan beri yigʻilib qolgan muammolar ijobiy hal etilib, xalq uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Biroq, yangilangan makonda yashayotgan ayrim insonlarning, zamondoshlarimizning saviyasi, madaniyati va dunyoqarashi hali ham oxirgi yigirma yillik "botqoqlik" bosqichida qolib ketgandek tuyuldi...
Davlat yoʻlni betonlashi, asfalt qilishi, bostirma qurishi va infratuzilmani yangilashi MUMKIN. Lekin insonning jamiyat oldidagi madaniyatini, mas'uliyatini va oʻzganing mehnatiga boʻlgan hurmatini qurib bera olmaydi. Xalq farovonligi uchun ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotgan muhitda shunday tartibsizlikning guvohi boʻlar ekanmiz, ushbu jamiyatning bir boʻlagi ekanligimizdan vijdonimiz qiynaldi.
"Hokim va hokimiyat qayoqqa qarayapti?" degan savolni berish deyarli koʻpchilikka yoqadi. Hatto bizga ham! Oʻsha yerda besh-oltita sotuvchi bor edi. Hatto yoʻlovchilar ham "semechka"ni bu yerga chaqma, deb aytmadi.
Oʻzgarishni oʻz qalbimiz va tafakkurimizdan boshlashni unutmang. Bu biz uchun zarur!
E. Sagalatdinova





