Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi
2026-09-30 20:30:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
– O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi! – dedi Prezidentimiz.
Bugun sun’iy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini o‘zgartirmoqda. Biroq hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan pedagoglarga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhiga davlat mukofotlari topshirildi. Mukofotlanganlar orasida ustozlar bilan birga ta’lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ham bor.









