Uzoq manzillardan Nukusga yangi nafas
2026-09-10 15:00:00 / Matbuot anjumanlari

Uzoq manzillardan Nukusga yangi nafas
Qoraqalpog'istonning yuragi — ko‘ngli dengizdek keng Nukus shahri bugun butunlay yangicha ohang va shiddat bilan nafas olmoqda. So‘nggi yillarda shahar ko‘chalarini kezar ekansiz, har qadamda o‘zgarishlar, yangilanishlar va bunyodkorlik ruhini his qilasiz. Bu shunchaki raqamlar yoki hisobotlardagi quruq ko‘rsatkichlar emas — bu odamlar hayotida, yoshlar ko‘zidagi umidda, qad rostlayotgan inshootlarning balandligida namoyon bo‘layotgan jonli haqiqatdir.
Joriy yilning o‘zida shahrimizga kirib kelgan to‘g'ridan-to‘g'ri xorijiy investitsiyalar hajmi 100 million dollardan oshib ketdi. Turkiyalik hamkorlar tomonidan qad rostlayotgan muhtasham 24 qavatli turar joylar va 5 yulduzli mehmonxona majmuasi, Xitoydan olib kelinayotgan 120 ta zamonaviy elektrobus, yangi farmatsevtika va ishlab chiqarish quvvatlari — bularning barchasi Nukusning nafaqat sanoat markazi, balki zamonaviy va shinam shaharga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Eksport geografiyasi Ozarbayjon, Mo‘g'uliston, Suriya va Polsha kabi davlatlar hisobiga kengaygani, shuningdek, yurtimizning «EVOS», «Oqtepa Lavash», «Safia», «INBAZAR» kabi etakchi milliy brendlari ko‘chalarimizdan o‘rin olgani nukusliklarning hayot tarzi va imkoniyatlari keskin o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Mahalliy tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat, qurilish va qandolat mahsulotlari endi jahon bozorlariga chiqmoqda.
Eng muhimi — bu loyihalar ortida inson va uning manfaatlari turadi. Yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, yuzlab xonadonlarga kirib kelayotgan qut-baraka va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch shahrimizning haqiqiy iqtisodiy qiyofasini belgilab bermoqda. Nukus bugun nafaqat o‘zgarishlar maydoni, balki ertangi kuniga dadil odimlayotgan imkoniyatlar va orzular ro‘yobi shahridir.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 10 sentyabr kuni shahar hokimligi tomonidan mahalliy OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Nukus shahri hokimining o‘rinbosari — Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig'i Hamzat Davletmuratov ishtirok etib, OAV vakillariga shaharda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, sanoat quvvatlari hamda hududning yangi iqtisodiy imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berdi.






