Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-sentabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-09-19 17:00:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-sentabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda hududni rivojlantirish uchun katta mablag‘lar ajratilib, alohida imtiyoz va sharoitlar yaratildi. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari 2 karra, sanoat korxonalari uchun elektr tarifi 15 foizga pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. O‘tgan yili 1 milliard 700 million dollar investitsiya kiritildi. Bu 2021-yildagidan 22 karra ko‘p. Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 10,2 foiz o‘sib, Qoraqalpog‘iston Toshkent shahridan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bu o‘zgarishlarda barqaror energiya ta’minoti muhim o‘rin tutmoqda. So‘nggi yillarda 860 megavattli yangi quvvatlar ishga tushirildi. Beruniy va Qorao‘zakda shamol stansiyalari qurilishi hisobiga “yashil” energiya ulushi 23 foizga yetdi. Elektr ishlab chiqarish 4 karra oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatni tashkil etdi.









