Rekord natija: Nukus shahrida 153 nafar bitiruvchi oltin medal sohibi bo‘ldi
2026-06-29 11:00:00 / Yangiliklar

Rekord natija: Nukus shahrida 153 nafar bitiruvchi oltin medal sohibi bo‘ldi
Mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy samaralarini bermoqda. Prezidentimiz tashabbusi va doimiy e’tibori tufayli umumiy o‘rta ta'lim tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu kabi islohotlarning yorqin natijalari Nukus shahri misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda shaharda 55 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi faoliyat yuritib, ularda minglab o‘quvchilarga sifatli ta'lim va tarbiya berilmoqda.
2025–2026-o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, shahardagi umumta'lim maktablarini 5647 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Ular orasida 153 nafar bitiruvchi oltin, 9 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan sezilarli o‘sishni tashkil qildi. Jumladan, 2024–2025-o‘quv yilida 166 nafar bitiruvchi oltin medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, bu yil ham yuqori natijalar saqlanib, shahar ta'lim tizimining izchil rivojlanayotgani yana bir bor tasdiqlandi.
Shuningdek, 189 nafar bitiruvchi mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy ta'lim muassasalariga muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu esa yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishi, o‘qituvchilarning fidokorona mehnati va ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi samarasidir.
Bugun Nukus shahri hokimligida bitiruvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi A. Daniyarov oltin medal sohiblariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
Tadbir davomida shahar hokimi bitiruvchilar bilan samimiy muloqot qilib, ularni hayotlaridagi muhim bosqich — mustaqil hayotga qadam qo‘ygani bilan samimiy tabrikladi. U o‘z so‘zida yurtimiz taraqqiyoti bilimli, vatanparvar, yuksak ma'naviyatli, tashabbuskor va fidoyi yoshlar bilan chambarchas bog'liq ekanini ta'kidlab, yoshlarni egallagan bilim va salohiyatlarini Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida safarbar etishga chaqirdi.
Bugungi kunda Nukus shahri bitiruvchilarining qo‘lga kiritayotgan yuksak natijalari mamlakatimizda ta'limga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ustozlar mehnati va yoshlarning bilimga bo‘lgan chanqoqligining yorqin ifodasidir. Bu yutuqlar kelgusida ham shahar ta'lim tizimi yanada yuksak marralarni zabt etishiga ishonch uyg'otadi.







