Muammodan yechimgacha boʻlgan masofa
2026-06-12 14:00:00 / Yangiliklar

Muammodan yechimgacha boʻlgan masofa
Bugun Nukus shahrida kechayotgan oʻzgarishlar inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan tizimli islohotlarning amaliy ifodasidir. Joriy yilning 10-11-iyun kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Joʻqorgʻi Kengesh deputatlaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan shahardagi 12 ta «ogʻir toifa»dagi mahalla va yirik investitsiya obyektlari koʻzdan kechirildi.
Mahallalarni ijtimoiy jihatdan sogʻlomlashtirishning bosh formulasi zarur sharoitlarni yaratishdir. Bu borada shaharda sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Xususan, «Jayxun» mahallasida 1,5 km, «Jipek joly»da 2 km va «Jangʻa zaman» MFYda 1,9 km ichki yoʻllarga zamonaviy asfalt yotqizildi. Shuningdek, «Jangʻa zaman» hududida 3,1 km toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish ishlari qizgʻin pallada.
Quruq bayonotlardan voz kechilib, aholi bandligini taʻminlashda «Loyiha-maqsadli yondashuv» tizimi ishga solindi. Toʻrtta mahallaning oʻzida yuzlab fuqarolar oʻzini-oʻzi band qildi va kichik mikroloyihalar orqali ishga joylashdi. «Jayxun»da faoliyat boshlash arafasida turgan «Eko textil» loyihasi 35 nafar xotin-qizni doimiy ish oʻrni bilan taʻminlaydi.
Mahalla «yettiligi» va ijtimoiy xodimlarning manzilli koʻmagi natijasida «Jayxun»da kambagʻal oilalar soni 292 tadan 190 taga, «Jangʻa zaman»da esa 96 tadan 50 taga kamaydi. Davlat taʻminotidagi xonadonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va suv filtrlari yetkazib berildi.
Ogʻir toifadagi yoshlarning rahbarlarga otaliqqa biriktirilishi ham oʻz samarasini bermoqda. «Jayxun» mahallasida otaliqqa olingan 14 nafar ishsiz yigit-qizning 11 nafari qisqa fursatda kasb-hunarga oʻqitildi, muqim ishga joylashtirildi va tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. «Yoshlar daftari» orqali talabalarning kontrakt pullari toʻlangani hamda zarur asbob-uskunalar olib berilgani ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga mustahkam kafolatdir.
Norasmiy bandlikni kamaytirishda jazolash emas, balki ragʻbatlantirish mexanizmi tanlandi. Natijada, vaqtincha qiyinchilikka uchragan korxonalar faoliyati qayta tiklandi. Birgina «Jipek joly» va «Nurly bostan» mahallalarining oʻzida oʻnlab tadbirkorlik subyektlarida mehnat qilayotgan ishchilar faoliyati qonuniylashtirilib, ular uchun kafolatlangan pensiya va ijtimoiy himoya tizimi yaratildi.
Prezidentimizning PF-10-sonli Farmoni va hududiy dasturlar doirasida Nukus shahrida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar islohotlarning bosh mezoni boʻlgan «Inson qadri uchun» tamoyili joylarda real hayotiy kuchga ega boʻlayotganidan dalolatdir. Aniqlangan kamchiliklar ustida tizimli ishlash esa shahar farovonligini yangi bosqichga olib chiqadi.




