Qanot yozgan intilish
2026-05-21 15:00:00 / Yangiliklar

Qanot yozgan intilish
Hayotda o‘z yo‘lini topish, halol mehnat bilan oila tebratish har bir insonning eng ulug' maqsadlaridan biridir. Nukus shahrining «Nәo‘pir» mahallasida yashovchi Nesiybeli Erjanovaning faoliyati va unga ko‘rsatilgan amaliy yordam fikrimizning yaqqol isbotidir.
Nesiybeli opa sharoit yo‘qligidan shikoyat qilib o‘tirmay, o‘z xonadonida jo‘ja ko‘paytirib, daromad topishni maqsad qildi. Biroq, zamonaviy inkubatorning yo‘qligi tuxumdan jo‘ja ochirishda katta qiyinchiliklar tug'dira boshladi. Bunday vaziyatda u taslim bo‘lmadi, echim izlab Nukus shahar hokimligiga murojaat qildi. Bu murojaat shunchaki ko‘mak so‘rash emas, balki «men mehnat qilmoqchiman, menga imkon bering», degan samimiy intilish edi.
Quvonarlisi, ushbu murojaat javobsiz qolmadi. Yurtimizda muborak Qurbon hayiti bayramini nishonlash arafasida, ushbu ezgu kunlarning fayzi va shukuhi sifatida, shahar hokimligi va saxovatpesha homiylar ko‘magi bilan Nesiybeli opaning xonadoniga orzusidagi inkubator uskunasi etkazib berildi.
Bu voqea bizga muhim bir haqiqatni anglatadiki, ulug' ayyom kunlarida mehnat qilmoqchi bo‘lgan insonga to‘g'ri ko‘mak berilsa, ertangi kunga ishonch va baraka uyg'onadi. Saxovatli qo‘llar tufayli "Nәo‘pir"lik mehnatsevar ayolning xonadonida nafaqat yangi uskuna paydo bo‘ldi, balki uning orzulari ham yangi qanot yozdi.




