Imkonsizlikni imkonga aylantirgan ijodiy jarayonlar
2026-05-17 22:00:00 / Yangiliklar

Imkonsizlikni imkonga aylantirgan ijodiy jarayonlar
Bugun biz dunyo tibbiyot ilmi misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, eng murakkab jarrohlik amaliyotlari ham muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Bundan 20-30 yil avval «davosiz» yoki «iloji yo‘q» deb hisoblangan xastaliklar bugun zamonaviy tibbiyotning yutuqlari tufayli shifo topmoqda. Tibbiyot nafaqat inson salomatligi, balki go‘zallik va yoshlikni saqlab qolish borasida ham mo‘jizalar yaratmoqda. Turli botoks va filler muolajalari orqali birgina inyeksiya insonlarga go‘zallik va yoshlik baxtini taqdim etmoqda. Bu muolajalar sun’iy bo‘lsa-da, inson qalbiga xotirjamlik va ishonch bag‘ishlayotgani bor gap. Ammo bu tuyg‘uni his qilish uchun, albatta, mablag‘ — yana va yana mablag‘ talab etiladi...
Inson qo‘li bilan yaratilayotgan bunday go‘zallik va o‘zgarishlarni bugun o‘z shahrimizda ham yaqqol ko‘rib turibmiz. Masalan, bundan bir-ikki yil avval Nukus ko‘chalariga ekilgan atirgullar bugun yo‘l chetlarida gul ochib, yo‘lovchilarga cheksiz go‘zallik va quvonch ulashmoqda.
Agar yodingizda bo‘lsa, bundan 10 yil ilgari Nukusdagi «Toshkent» mehmonxonasi chorrahasining aylanma yo‘lidagina atirgullarni ko‘rish imkoni bor edi. Bugun esa shahrimizning markaziy ko‘chalari va xiyobonlari bo‘ylab maftunkor atirgullar bo‘y ko‘rsatib, ko‘zlarni quvontirmoqda. Shahrimiz ko‘chalarida turli-tuman gullar, dekorativ va mevali daraxtlar ekilib, ulkan ijodiy mehnat evaziga haqiqiy go‘zallik yaratilmoqda. Bu xayrli ishlarning turtkisi va asosi esa Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan «Yashil makon» umumilliy loyihasi hisoblanadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tibbiyot sohasida «imkonsiz» degan so‘z «imkonli»ga almashgani kabi, yurtimizdagi og‘ir ekologik vaziyatga qaramay, yashil vohalar yaratilayotganini ko‘rib, inson irodasi imkonsizlikni imkonga aylantira olishiga tan bermay iloj yo‘q.
Yana bir yorqin misol: bundan 10 yil oldin xalqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlarga, hokimlarga o‘z muammolari bilan murojaat qilishi aqlga sig‘mas, imkonsiz bir holatdek tuyulardi. Prezidentimizning davlat siyosatida tub burilish yasagani, uzoqni ko‘zlagan oqilona strategiyasi xalq hayotini yaxshilashga qaratildi. Bu ijodiy va tizimli islohotlar bosqichma-bosqich o‘z natijasini berib, insonlar turmush darajasining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda bir jihatni ochiq aytib o‘tish joiz. Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan videokontentlarimiz ostida ayrim fuqarolarimiz tomonidan: «Buning o‘rniga zavod, fabrika qursangiz bo‘lmaydimi?», «Yoshlar ishsiz yuribdi-ku!» mazmunidagi fikrlar bildirilmoqda.
Bunday tushunmovchiliklarga imkon qadar oddiy, xalqchil tilda javob berishni burchimiz deb bildik:
Agar davlat bor mablag‘ini faqat bir nechta yirik sanoat obektlarini barpo etishga yo‘naltirsa va ular bozor raqobatiga bardosh berolmay kasodga uchrasa, butun mamlakat bjudjeti ulkan ziyon ko‘radi. Ammo o‘sha mablag‘lar kichik kreditlar, subsidiyalar ko‘rinishida minglab yoshlarga va tadbirkorlarga bo‘lib berilsa, xavf diversifikatsiyalanadi (tarqatiladi). Bir nechta inson biznesda muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda ham, qolgan minglab tadbirkorlar oyoqqa turib ketadi. Eng muhimi, bu tizim jamiyatdagi boqimandalik (bersang yeyman, bermasang o‘laman) kayfiyatiga chek qo‘yib, yoshlarni mustaqil fikrlashga va mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishga o‘rgatadi.
Bu borada dunyo tajribasi nima deydi?
Iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish siyosati bugungi kunda dunyoning eng boy davlatlari tomonidan sinovdan o‘tgan samarali usuldir.
-
Buyuk Britaniya (1980-yillar): Bosh vazir Margaret Tetcher davrida mamlakatda zarar bilan ishlayotgan yirik ko‘mir va transport korxonalari xususiylashtirildi. Bu islohot Buyuk Britaniyani chuqur iqtisodiy inqirozdan qutqarib, dunyoning eng yetakchi moliyaviy markaziga aylantirdi.
-
Janubiy Koreya (1960-yillar): Kambag‘allikdan chiqishda davlat yirik zavodlar qurish yo‘lidan bormadi, balki xususiy oilaviy tadbirkorlikka subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratdi. Natijada bugun dunyo bozorini egallagan Samsung, LG, Hyundai kabi mustaqil gigant kompaniyalar paydo bo‘ldi.
-
Germaniya: Nemis iqtisodiyotining asosi hisoblangan "Mittelstand" modeli kichik va o‘rta xususiy tadbirkorlikni qollab-quvvatlashga asoslangan. Germaniya hukumati yoshlarning innovatsion loyihalariga muntazam grant va subsidiyalar ajratib, iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlab kelmoqda.
Rivojlanishning zamonaviy iqtisodiy modelida davlatning asosiy vazifasi — biznes bilan shug‘ullanib pul topish emas, balki tadbirkorlarning erkin ish yuritishi uchun qulay sharoit va muhit yaratib berishdan iboratdir.
Birgina Qoraqalpog‘iston misolida oladigan bo‘lsak, oxirgi besh yil ichida ishsiz fuqarolar, xotin-qizlar va yoshlarga subsidiya hamda imtiyozli kreditlar hisobidan 3000 dan ziyod asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.
Mehnat va Harakat — Muvaffaqiyat Garovi
Albatta, bunday ijobiy mazmundagi videokontentlarimiz ostida ham «so‘z topuvchi» ba’zi yurtdoshlarimiz uchrab turadi. Tarmoqlarda: «Hamma tikuvchi bo‘lib ketadimi?», «Hamma tadbirkor bo‘la oladimi?» degan izhorlarni ham o‘qidik.
Ta’kidlash joizki, elimizga tanilgan bugungi muvaffaqiyatli tadbirkorlarning hammasi ham Amerika yoki Yevropada o‘qib kelmagan. Ular o‘z biznesini davlatdan bir so‘m olmasdan, mashaqqatli mehnat, ixlos va intilish bilan yo‘lga qo‘yganlar.
-
Masalan, Nukusdagi mashhur «Mira apa» oshxonasi asoschisi Mira Shegay va «Tung‘ish qonis» mahallasida yashovchi Orazgul Asanova o‘z bizneslarini oddiygina «pirojki» sotishdan boshlashgan edi. Yillar davomida tinimsiz mehnat qilib, bugungi kunda 5 ta ko‘chmas mulk egasiga aylanishdi.
-
«Shadli avul»lik Jumabiyke Kushekeyeva esa bugun yoshi 70 dan oshgan bo‘lsa-da, issiqxona tashkil qilib, yaxshigina daromad topmoqda va el orasida tanilgan «naholchi (ko‘chatchi) aya»ga aylandi.
Agar insonda chin dildan intilish va ishlashga ishtiyoq bo‘lsa, har qanday ishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Motivatsiya To‘qlikdanmi Yoki Sabrsizlikdan?
Ba’zi fuqarolarimizdan esa: «Ishlagim kelmayapti», «Ishlashga, kitob o‘qishga motivatsiya yetmayapti» degan gaplarni eshitib qolamiz. Xo‘sh, bundan qanday xulosaga kelish mumkin? Bu — to‘qlikning belgisi!
Och qolgan, muhtoj insonga hech qanday ijtimoiy motivatsiyanning keragi yo‘q. Uning yagona motivatsiyasi — oilasini boqish va kambag‘allikdan chiqishdir.
Afsuski, oramizda davlat tomonidan berilgan subsidiya va ko‘maklarni tejab-tergab, unumli foydalanish o‘rniga, ularni internetdagi oldi-sotdi platformalariga qo‘yib, pulini maqsadsiz sovvurayotganlar ham uchrab turibdi.
Go‘zallik va farovonlik haqida gapirganda shuni unutmaslik kerak: har bir inson o‘z hayotini o‘zgartirish uchun, avvalo, o‘zi harakat qilishi, baxtini o‘z qo‘llari bilan yaratishi lozim. Davlat bu jarayonda faqatgina eng yaqin ko‘makchi va yelkadosh vazifasini bajarmoqda.
Shunday ekan, yillar davomida tinmaydigan, faqat yetishmovchilik va shikoyatlardan iborat murojaat hisoblangan insonlar ham ozgina harakat qilishlari kerak emasmi? Davlat xalqning obod va farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib, ildam qadamlar tashlamoqda. Biz esa berilayotgan subsidiya va imtiyozlardan hanuz to‘laqonli foydalana olmayapmiz.
Kuni kecha shahrimizning Xo‘jayli guzari ko‘cha bo‘ylab go‘zal gullar kompozitsiyasi tashkil etilmoqda. Ya’ni go‘zallik inson qo‘li bilan yaratilmoqda. Nukus o‘tgan yillarga nisbatan butunlay yangicha, maftunkor qiyofa kasb etmoqda.
Siz ham o‘z hayotingizning ijodkorisiz. Bugun boshlangan kichik va oddiy harakat kelajakda ulkan o‘zgarishlarga zamin yaratishiga ishonamiz. Tabiat go‘zalligini, bahor mo‘jizasini suratga olish uchun soatlab, kunlab qulay fursat kutgan fotooperatorlarning mashaqqatli mehnatiga bir boqing. Ular sabr bilan kutdilar va yakunda bizga go‘zallikni tuhfa etdilar.
Baxt ham, boylik ham bir kunda kelib qolmaydi. Unga inson halol mehnati, qalbidagi yaratuvchanlik tuyg‘usi va tinimsiz intilishi orqali erishadi.
Elmira Sagalatdinova





