"Inson qadri"
2026-04-24 09:00:00 / Yangiliklar

Bugun Nukus shahar hokimi A. Daniyarov ishtirokida bo‘lib o‘tgan fuqarolar qabuli shunchaki rasmiyatchilik emas, balki "Inson qadri" degan ulug‘ tamoyilning amaldagi ifodasiga aylandi. Bo‘lib o‘tgan qabul jarayonida shahar hokimi har bir fuqaroning nafaqat arizasini, balki uning ichki kechinmalarini, qiynayotgan muammosining tub ildizlarini tingladi. Kimdir infratuzilma, kimdir ijtimoiy yordam, yana kimdir tadbirkorlik yo‘lidagi to‘siqlar haqida so‘z yuritdi. A. Daniyarovning fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti shuni ko‘rsatdiki, masofa qancha qisqarsa, ijtimoiy adolat shunchalik mustahkamlanadi.
"Inson qadri" degan tushuncha qachon haqiqatga aylanadi? Qachonki, qabulxona eshiklari yopiq emas, balki ochiq bo‘lsa, qachonki, muammo qog‘ozda qolib ketmay, joyida o‘rganilib, ijobiy hal etilsa. Qabulda kuzatilgan samimiy suhbatlar shuni ko‘rsatdiki, Nukusda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga chiqmoqda. Muloqot, har qanday muammoning boshlanishi va yechimning kalitidir. Shahar hokimligi tomonidan olib borilgan bu kabi ochiq muloqotlar, shubhasiz, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Zero, inson qadri yuksaltirilgan va xalq bilan hamnafas bo‘lgan jamiyatda barqarorlik va taraqqiyot doimo ustuvor bo‘lib qoladi.






