Nukusga xayrli qadam bilan kirib kelgan "Zarbdor tajribasi"
2026-03-26 15:00:00 / Yangiliklar

Nukusga xayrli qadam bilan kirib kelgan "Zarbdor tajribasi"
Nukus shahrida mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar boshlanmoqda. Davlat rahbarining hududlarni obod qilish, mahallalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida shaharning "Өrnek" va "Do‘stlik" mahallalarida yangi loyihalarga start berilishi kutilmoqda.
Ma'lumki, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, har bir mahalla o‘z qiyofasi va iqtisodiy drayveriga ega bo‘lishi, aholi esa islohotlar samarasini bevosita o‘z kundalik hayotida his qilishi lozim. Ana shu yondashuv asosida Jizzax viloyati Zarbdor tumanida sinovdan o‘tgan ilg'or tajriba endilikda Nukus shahrida ham tatbiq etish rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Nukus shahri hokimi Abat Daniyarov "Өrnek" va ''Do‘stlik" mahallalariga tashrif buyurib, joyida o‘rganish ishlarini olib bordi. Tashrif davomida faqatgina holat tahlili emas, balki amaliy chora-tadbirlar rejasi o‘ziga xos "yo‘l xaritasi" shakllantirildi.
Shahar hokimi rahbarligidagi ishchi guruh tarkibida arxitektorlar, loyihachilar, muhandislar va ekologlar ishtirok etdi. Ular oldiga mahallalarni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirish, aholi uchun qulay infratuzilma yaratish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Loyihaga muvofiq, ushbu hududlarda zamonaviy xiyobonlar, dam olish maskanlari hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etiladi. Xiyobonlar atrofida kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari uchun imkoniyatlar yaratilib, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, mazkur yondashuv mahallalarni faqat obod hududga emas, balki iqtisodiy faol nuqtaga aylantirishga xizmat qiladi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish, turmush sifatini yaxshilashga zamin yaratadi.
Qayd etish joiz, bu kabi amaliy ishlar orqali islohotlar mahallaning ichiga chuqur kirib bormoqda.





