YANGILIKLAR
2025-12-29 12:05:00 / Yangiliklar

Nukus shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish maqsadida “Sapsan Trans Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan umumiy qiymati 24 milliard so‘m bo‘lgan 12 dona elektrobus olib kelish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha doirasida elektrobuslarning 4 donasi Nukus shahriga yetkazib keltirilgan, qolgan 8 dona transport vositasining olib kelinishi yaqin kunlarda amalga oshirilishi belgilangan. Hozirgi vaqtda keltirilgan elektrobuslar bo‘yicha belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, Nukus shahriga jami 200 dona avtobus olib kelish belgilangan bo‘lib, mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish va olib kelish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mazkur ishlar shahar aholisi uchun qulay, zamonaviy va ekologik jihatdan xavfsiz jamoat transporti tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
