YANGILIKLAR
2025-12-17 16:05:00 / Yangiliklar

"Ixchamlik" - to‘ylarda tartib va odobga yo‘l ochadi.
Dabdabali to‘ylar - baxt garovi emas."
Ixchamlik - bu to‘y marosimlarning tartib va odob-axloq asosida o‘tkazilishi hisoblanadi. Agar har bir to‘y shinamlikka asoslangan bo‘lsa, oilalarimiz mustahkam bo‘ladi, jamiyatimizda esa odob-axloq, samimiylik va hurmat qadriyatlari kuchayadi. Shuning uchun, har birimiz to‘ylarni tartibli, odobli va ma’naviy boy tarzda o‘tkazishga intilishimiz shart. Shu asosda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentyabrdagi "Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 589-son qarorining tegishli bandlarini aholiga yetkazish, shuningdek, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishda Nukus shahri hududida joylashgan bir qator mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqarolar bilan "Nuroniy" jamg‘armasi shahar bo‘limi, Salmen Eshon Jome masjidi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi, "Poytaxt" gazetasi muharriri ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbir davomida ortiqcha dabdabadan xoli, milliy qadriyatlarimizga mos va namunali tarzda to‘y-marosimlarni o‘tkazishning ahamiyati, bu orqali jamiyatda isrofgarchilikka chek qo‘yish, oila mustahkamligini ta’minlash va yoshlar ongida sog‘lom qarashlarni shakllantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan namunali, ixcham, samimiy va ezgu niyatlarga asoslangan to‘ylar - xalqimizning urf-odatlariga mos, zamonaviy hayot talablariga hamohang marosimlar bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.









