NISHON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI RAHBARI, AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BO'YICHA TUMAN HOKIMINING MASLAHATCHISI - MATBUOT KOTIBI OYBEK TOJIYEVNING TUMAN AHOLISI VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VAKILLARIGA MUROJAATI
2026-10-11 14:00:00 / Yangiliklar

NISHON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI RAHBARI, AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BO'YICHA TUMAN HOKIMINING MASLAHATCHISI - MATBUOT KOTIBI OYBEK TOJIYEVNING TUMAN AHOLISI VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VAKILLARIGA MUROJAATI
Assalomu alaykum, hurmatli Nishon tumani aholisi va ommaviy axborot vositalari vakillari!
Bugungi kunda mamlakatimizda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining jamoatchilik uchun ochiqligini oshirish hamda aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan, Nishon tumani hokimligi Axborot xizmati faoliyatining asosiy maqsadi — tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, erishilayotgan yutuqlar va aholini qiynayotgan dolzarb masalalar haqida jamoatchilikka tezkor, xolis va ishonchli axborot yetkazish, shuningdek, hokimlik va aholi o‘rtasida ochiq muloqotni mustahkamlashdan iborat.
Bugungi kunda tumanimizda ham Prezidentimizning tashabbuslari bilan viloyat hokimi Murotjon Azimov hamda tuman hokimi Botir Tog‘ayev rahbarligida Nishon tumanini har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash va hududlarni obod qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport, madaniyat, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, aholi bandligi va ijtimoiy himoya yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalar, tashabbuslar hamda insonlar hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni keng yoritish muhim ahamiyatga ega. Zero, amalga oshirilayotgan ishlar haqida aholiga o‘z vaqtida va haqqoniy axborot berish jamoatchilikning xabardorligini oshiradi, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va mavjud muammolarga yechim topishga xizmat qiladi.
Hurmatli tumandoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari!
Sizlarni Nishon tumanida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar hamda aholi hayotiga daxldor masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda faol hamkorlik qilishga chaqiraman.
Ayniqsa, tumandagi mavjud imkoniyatlar, tashabbuskor insonlar, o‘z mehnati bilan muvaffaqiyatga erishayotgan yurtdoshlarimiz, yangi ish o‘rinlari, investitsiya loyihalari va yoshlar yutuqlarini yoritish orqali hududimizning salohiyatini keng namoyon etishimiz mumkin. Shu bilan birga, aholini qiynayotgan muammolar, taklif va tashabbuslarni ham xolis o‘rganish, ularni tegishli tashkilotlar va mas’ullar e’tiboriga yetkazish hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan bo‘lishi lozim.
Ommaviy axborot vositalari vakillaridan tumanda olib borilayotgan ishlarni yoritishda hamkorlik qilishni, dolzarb mavzularga e’tibor qaratishni, zarur ma’lumotlarni aniqlashtirish va mas’ullardan izoh olishda Axborot xizmati bilan o‘zaro aloqada bo‘lishni so‘rayman. O‘z navbatida, Axborot xizmati ham jurnalistlar va blogerlarning qonuniy so‘rovlari, takliflari hamda tashabbuslari yuzasidan belgilangan tartibda hamkorlik qilishga tayyor.
Aholimizdan ham tuman hayotiga oid yangiliklar, muhim tashabbuslar, dolzarb masalalar va yoritilishi lozim bo‘lgan mavzular yuzasidan o‘z takliflarini bildirishlarini so‘rayman. Sizning fikringiz va taklifingiz tumandagi jarayonlarni yanada kengroq yoritish, jamoatchilik manfaatlariga daxldor masalalarga e’tibor qaratish uchun muhimdir.
Fuqarolar o‘z murojaat va takliflarini @Nishon_t_murojaatbot Telegram boti orqali ham yuborishlari mumkin. Kelib tushgan murojaatlarning mazmunidan kelib chiqib, tegishli mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni o‘rganish, vakolat doirasida yoritish va masalalarning yechimi yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilib borishga e’tibor qaratiladi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Axborot xizmatining vazifasi faqat amalga oshirilayotgan ishlar haqida xabar berish bilangina cheklanmaydi. Uning muhim vazifalaridan biri — aholi va davlat organlari o‘rtasida samarali axborot almashinuvini ta’minlash, jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga aniqlik kiritish, dolzarb mavzularni kun tartibiga olib chiqish hamda tumandagi voqea-hodisalarni xolis va haqqoniy yoritishga ko‘maklashishdir.
Ishonamanki, aholi, jurnalistlar, blogerlar va barcha hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorligimiz orqali Nishon tumanida amalga oshirilayotgan ishlar va o‘zgarishlarni yanada kengroq yoritishga, mavjud muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratishga hamda hududimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga erishamiz.
Hurmatli tumandoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari!
Sizlarni Nishon tumani hayotiga befarq bo‘lmaslikka, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni keng yoritishga, dolzarb masalalar va tashabbuslarni ilgari surib, tumanimiz ravnaqi yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga chorlayman.
E'tiboringiz uchun rahmat!
