“Belarus madaniyati kunlari” doirasida ikki davlatning madaniyat vazirlari uchrashdi
2025-11-06 10:30:00 / Yangiliklar

Unda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati tahlil qilinib, uni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 4-6-noyabr kunlari Toshkent va Olmaliq shaharlarida tashkil etilayotgan tadbirlar, 4-noyabr kuni o‘tkazilgan konsert yuqori baholandi.
Uchrashuvda madaniy ta’lim, teatr, kino, nomoddiy madaniy meros yo‘nalishlarida aloqalarni kuchaytirishga, 2026-yilda Belarus Respublikasida "O‘zbekiston madaniyati kunlari"ni tashkil etishga, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning madaniyat bo‘yicha quyi qo‘mitasini tashkil etishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida ikki davlat filarmoniyalari, teatrlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi o‘tkazildi.
Xususan, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi va G.I.Tsitovich nomidagi Belarus Respublikasi Milliy akademik xalq xori o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida, Belarus Bolshoy teatri va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik Bolshoy teatri o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risida, O‘zbekiston Davlat musiqali komediya (operetta) teatri va Belarus davlat filarmoniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.


