O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-11-05 09:15:00 / Yangiliklar

"Avvalambor, sizni insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan, ulkan madaniy va ma’naviy merosga ega bo‘lgan Samarqand shahrida qabul qilayotganimizdan juda mamnunman. Samarqand asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar uchrashgan, hamjihatlik va ezgulik ramzi bo‘lib kelgan.
Bugungi uchrashuvimiz, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va madaniy hamjihatlikni yanada mustahkamlaydigan yangi sahifa bo‘lishiga ishonaman.
Davlatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar bilan bir qatorda, madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud, deb hisoblayman.
Shu nuqtayi nazardan, menimcha, hozir aynan shu yo‘nalishda yangi sahifa ochish uchun eng to‘g‘ri, eng munosib fursatdir.
Shuni ham samimiyat bilan ta’kidlamoqchimanki, Yunoniston allomalarining ilm-fan, san’at va madaniyat sohalaridagi beqiyos hissasi butun insoniyat taraqqiyotiga yo‘l ochgan, ko‘plab xalqlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan.
Biz, azaliy tarix va boy madaniy merosga ega davlatlarning madaniyat vazirlari sifatida, birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan maqsad va vazifalar ko‘p deb hisoblayman.
Shu munosabat bilan, ikki vazirlik o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va doimiy muloqot o‘rnatilib, hech qanday to‘siq yoki byurokratik g‘ovlarsiz, samimiy do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi munosabatlarimiz izchil davom ettirilishini istardim." - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov muloqot davomida.
Ushbu uchrashuv ikki davlatning madaniyat sohasidagi hamkorlikning yangi, yuqori bosqichga olib chiqishida hamda tarixiy aloqalarni yangi ma’noda tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishligiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv davomida soha yuzasidan ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida, Samarqand va Buxoro shaharlarida “Gretsiya madaniyati kunlari”, Afina va Salonikida esa “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish taklifi, ikki mamlakat san’at muassasalari o‘rtasida qo‘shma konsert dasturlarini yo‘lga qo‘yish: Afina yoki qadimiy Epidavr hamda Delfi sahnalarida O‘zbekiston Davlat simfonik orkestri konsertini tashkil etish, O‘zbekiston va Gretsiya madaniyat sohasidagi vazirliklar, muassasalar va ijodiy uyushmalar xodimlari o‘rtasida kasbiy malaka oshirish va tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘yish, ikki davlat Madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini imzolash kabi takliflar ma’lum qilindi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish va xalqlarimizning do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

