Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi
2026-01-26 / Voqealar taqvimi

Qitʼamizning 45 mamlakatidan Milliy Olimpiya qoʻmitalari va xalqaro sport ekspertlari ishtirokida oʻtadigan ushbu nufuzli tadbir Yangi Oʻzbekistonning yirik xalqaro anjumanlarni yuksak saviyada tashkil etish va oʻtkazish salohiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 46-Bosh Assambleyasi 2026-yilda Toshkent shahrida o'tkazilishi haqida Osiyo Olimpiya kengashining 45-Bosh assambleyasida ma'lum qilingan edi.
OOK bosh direktorining Bosh assambleyani 2026-yil Toshkent shahrida o'tkazish bo'yicha taklifi yig'ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlangan edi. Bu yurtimizda sport va Olimpiya harakatiga bo'lgan yuqori e'tibor va xalqaro maydondagi nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ma'lumki, Bosh assambleya – Osiyo Olimpiya kengashining eng yuqori boshqaruv organi bo'lib, unda qit'amizning 45 mamlakat Milliy Olimpiya qo'mitalari vakillari qatnashadi. Bosh assambleyada Osiyo sportiga oid muhim qarorlar, qit'adagi sport siyosati va istiqbolli yo'nalishlar muhokama qilinadi.
Eslatib o'tamiz, 2022-yilda Toshkent OOKning Ijroiya qo'mitasi yig'ilishiga muvaffaqiyatli mezbonlik qilgan edi.