Markaziy Osiyo davlatlari agrar hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
2025-11-10 16:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan, Markaziy Osiyoda o‘simliklarni muhofaza qilish va zararkunandalarga qarshi tezkor javob tizimini yaratish taklif etildi. Ushbu tizim mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ma’lumot almashish va zararkunandalarga qarshi birgalikda choralar ko‘rishni ta’minlaydi.
Ikkinchidan, “Markaziy Osiyo raqamli agrar alyansi” hamda mintaqaviy raqamli qishloq xo‘jaligi platformasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Platforma raqamli texnologiyalarni joriy etish va innovatsion forumlarni o‘tkazish uchun xizmat qiladi. Birinchi forumni Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.
Uchinchidan, vazir “Agrobiologik bilimlar va innovatsiyalar markazi”ni FAO ko‘magida Toshkentda tashkil etishni taklif qildi. Markaz mintaqaviy o‘quv va malaka oshirish dasturlarini amalga oshiradi hamda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni rivojlantiradi.
To‘rtinchidan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlar uchun agrar-innovatsion hab yaratish tashabbusi ilgari surildi. FAO va BMT ko‘magida amalga oshiriladigan ushbu loyiha innovatsiyalarni keng joriy etish, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, innovatsiyalarni joriy etish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Markaziy Osiyo Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida qo‘shma deklaratsiya hamda 2030-yilgacha mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan Harakatlar rejasi imzolandi.
Mazkur hujjatlar mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, agrar sohada bilim va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.


