Oʻzbekiston – Germaniya hamkorligida kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi muhokama qilindi
2025-11-06 17:35:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalarning ijrosi va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama etildi. Tomonlar “Kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish” loyihasining amalga oshirilish jarayonini ko‘rib chiqdilar.
Ushbu loyiha doirasida respublikaning 8 ta viloyatida namunaviy kasbiy ta’lim muassasalari – Ilg‘or kasbiy tayyorgarlik markazlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning maqsadi – ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayoniga Germaniya tajribasini joriy etish hamda ish beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Uchrashuvda, shuningdek, “Kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash (3-bosqich)” loyihasi konsepsiyasi haqida ham fikr almashildi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish jarayonida vazirlik mutaxassislari “KfW” banki va loyiha konsultantlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi. Shu bilan birga, kelgusida tayyorlanadigan kadrlarning malakasi xalqaro standartlarga mos bo‘lishi va xorijiy mehnat bozorida tan olinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va yangi yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldilar.
