YANGILIK
2025-08-14 11:30:00 / Yangiliklar

"ISTIQLOL" MAHALLASIDA QULAY MUHIT VA ZAMONAVIY ESTETIK QIYOFA YARATILADI
Bugun Navoiy shahri hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligida "Istiqlol" mahallasida shahar hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va xizmatlar rahbarlari, mahalla faollari hamda bir qator tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda hududni kompleks rivojlantirish, savdo nuqtalari va ularning atrofini zamonaviy shaharsozlik talablariga moslashtirish, piyodalar va avtotransport uchun qulay muhit yaratish, shuningdek, yangi infratuzilma loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bu borada tayyorlangan yangi loyiha konsepsiyasi taqdim etilib, tadbirkorlar taklif va mulohazalari tinglandi.
Muhokamalar davomida
Savdo nuqtalarining fasadlari va vitrinalarini yagona dizayn asosida yangilash;
Piyodalar yo‘laklari, ko‘cha yoritgichlari va yo‘l infratuzilmasini tartibga keltirish;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kirish qulayliklarini yaratish;
Konstruksiyalarni me’yoriy holatga keltirish;
Yashil hududlarni kengaytirish, sug‘orish tizimlarini yaxshilash,
Ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr va aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yerosti kabellarini tartibga keltirish;
Sanitariya va xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya etish;
piyodalar yo‘laklari, qoplama va yoritish tizimlarini bosqichma-bosqich yangilash;
savdo subyektlari bilan hamkorlikda fasadlarni yangilash hamda reklama konstruksiyalarini me’yorlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish;
hududning umumiy qiyofasini yaxshilash hamda xizmat sifati va narx-navo intizomini ta’minlash bo'yicha fikr almashildi, loyiha ijrosi uchun aniq ijrochilar va muddatlar belgilandi, monitoring va jamoatchilik nazorati mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida shahar hokimi mahallani qulay, xavfsiz va zamonaviy servis hamda savdo markaziga aylantirish bo‘yicha barcha ishlar hamkorlik va ochiqlik tamoyillari asosida olib borilishini ta’kidladi.









