JARAYON
2025-06-13 19:05:00 / Yangiliklar

NAVOIY SHAHRIDA INKLYUZIV TA'LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA AMALIY ISHLAR DAVOM ETMOQDA
Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev tegishli mas’ullar hamrohligida shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 5- va 6-umumta’lim maktablarida tashkil etilgan inklyuziv sinflar faoliyati, bolalar uchun “to‘siqsiz muhit” yaratish hamda ularning ijtimoiylashuviga e’tibor qaratish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda inklyuziv ta'lim va inklyuziv jamiyat tushunchalari aholimiz o‘rtasida tobora keng tarqalmoqda. Davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan va alohida ehtiyojga ega bo‘lgan farzandlarimizga sifatli ta’lim olish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish hamda kasbiy va ijtimoiy faoliyatning turli sohalarida o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Jahon tajribasida ham imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitish — ya’ni inklyuziv ta’lim amaliyoti o‘zining samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz Rahbari tomonidan 2024-yil 13-dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham inklyuziv sinflar faoliyatini yanada rivojlantirish, bolalar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish, ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Hozirda shahrimizdagi 5-umumta’lim maktabida 10 nafar, 21-umumta’lim maktabida esa 2 nafar bola inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb etilgan bo‘lib, jami 12 nafar bola tahsil olmoqda. Ushbu maktablarning har ikkalasi maxsus pedagoglar bilan ta’minlangan. Shuningdek, maktablarda alohida korrektsion sinf, psixolog xonasi va maxsus pedagog shtatlari ajratilib, malakali pedagog kadrlar tomonidan ta’lim-tarbiya jarayoni olib borilmoqda.
Bundan tashqari, 6, 7, 12, 13, 18 va 19-sonli umumta’lim maktablarida ham imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitish bo’yicha inklyuziv sinflar tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar mahalliy budjetning orttirilgan qismi hisobidan amalga oshirilmoqda. Maxsus pedagoglar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni o‘qishga yo‘naltirish esa Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya va Ijtimoiy himoya agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.
VIDEO bu yerda









