XALQARO HAMKORLIK
2025-06-13 18:05:00 / Yangiliklar

SHAHAR HOKIMI XITOY DELEGATSIYASI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI
Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev Xitoyning Sichuan Chuahe Shengxin Electric Engineering Co., Ltd. kompaniyasi rahbari janob Dan Qiaojian va kompaniya vakillarini rasmiy qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalari, Navoiy shahrida sanoat va energetika yo‘nalishida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, shuningdek, qo‘shma investitsiya dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar.
Sichuan Chuahe Shengxin Electric Engineering Co., Ltd. — Xitoyning Sichuan provinsiyasida joylashgan va asosan elektr energetikasi, sanoat infratuzilmasi, yuqori va o‘rta kuchlanishdagi elektr tarmoqlari qurilishi, elektr uskunalari ishlab chiqarish hamda innovatsion energiya yechimlarini joriy etish sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya turli yirik sanoat zonalari va infratuzilma loyihalarida hamkorlik tajribasiga ega.
Uchrashuvda Navoiy shahrida elektr energetikasi, sanoat infratuzilmasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, logistik imkoniyatlarni kengaytirish hamda texnologik uskunalar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv iliq va samimiy ruhda o‘tdi hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar, hamkorlikning amaliy bosqichlariga o‘tish, zaruriy hujjatlarni tayyorlash va kelgusida qo‘shma loyihalarni shakllantirish borasida kelishuvlarga erishildi.






