HOKIM TABRIGI
2025-06-06 07:05:00 / Yangiliklar

NAVOIY SHAHAR HOKIMI DILMUROD ERGASHEVNING QURBON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Qadrli yurtdoshlar!
Aziz hamshaharlar!
Muborak Qurbon hayitining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyati nihoyatda qadrlidir. Insonlarning sabr-qanoatli, mehr-oqibatli bo‘lishga chorlovchi qalblarni ezgulik ziyosi bilan nurafshon etuvchi Qurbon hayit bayrami 6-iyun kuni mamlakatimizga keng nishonlamoqda. Milliy-diniy qadriyatlar sifatida ulug‘lanadigan ushbu bayram barchamizga muborak bo‘lsin.
Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni ta’mirlash va obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va bu boradagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha qadamjolar obodonlashtirilib, ko‘rkam ziyoratgohlarga aylantirildi. Buyuk ajdodlarimizning yubiley sanalari keng miqyosda nishonlanayotgani ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.
Xalqimizning ko‘hna qadriyatlari, milliy urf-odat va an’analari mamlakatimizda ko‘tarinki ruhda kutib olinayotgan Qurbon hayiti munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham o‘z aksini topmoqda. Davlatimiz rahbarining “Muqaddas Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda ana shu jihatga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu ayyom har bir inson qalbida benazir tuyg‘ularni baxsh etish bilan birga barcha-barchamizni samimiylikka, kechirimlilik va hamjihatlilikka hamda inoq bo‘lishga undaydi. Bu muborak kun arafasida qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlar bir-birlaridan ko‘ngil so‘rashib, bemorlar holidan xabar olishadi. Poklik va hallollikka yo‘g‘rilgan bu bayram ana shunday go‘zal jihatlari bilan yanada ahamiyatlidir.
Xalqimiz azaliy urf-odatlariga sadoqat bilan yondashadi. Qutlug‘ bayram kunlarida o‘tganlarning ruhini shod etish maqsadida qabristonlarni ziyorat etib, obodligiga e’tibor qaratish ham rahmat va mag‘firat oyining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Aziz hamshaharlar!
Ushbu arafa kunlari shuni alohida e’tirof etish joizki, yaqin kunlarda biz O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yillik bayramini keng nishonlaymiz. Bayramga tuyona sifatida go‘zal shahrimizni kundan-kunga chiroy ochib, ko‘rkamlashib borayotganligi avvalo, sizning shijoatga to‘la qalbingiz, zahmatli mehnatlaringiz samarasidir. Alloh ezgu maqsadlar ila yurt ravnaqi, jamiyat tinch-totuvligi, aholi turmush farovonligi uchun mehnat qilayotgan oliyjanob insonlarning barcha tilaklarini ijobat qilsin.
Qurbon hayiti yana bir bor barchamizga qutlug‘ bo‘lsin.
Doimo yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
