INVESTORLAR BILAN UCHRASHUV
2025-05-28 18:45:00 / Yangiliklar

SHAHAR HOKIMI XITOYLIK INVESTORLARNI QABUL QILDI
Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasida joylashgan Jinan shahridagi nufuzli biznes uyushma — "Chamber of Commerce for Jinan" kompaniyasining janob Yu Yunlong boshchilik vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvdan asosiy maqsad — Navoiy shahrida olib borilayotgan qurilish va kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda ushbu sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillariga shahar infratuzilmasi, ayniqsa, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish borasidagi loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, Navoiy shahrida issiqlik va sovuqlikni o‘tkazmaydigan maxsus qoplamali trubalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat korxonasini tashkil etish loyihasi yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashabbus nafaqat zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ichki bozor ehtiyojini qoplashga, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, sanoat salohiyatini oshirish hamda shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini bosqichma-bosqich kengaytirish va muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida bir qator kelishuvlarga erishdilar.
BATAFSIL: video









