HOKIM TABRIGI
2025-05-24 13:05:00 / Yangiliklar

OQ YO‘L, AZIZ BITIRUVCHILAR!
Navoiy shahar hokimi Ergashev Dilmurod Bekmuradovichning shahar maktablarini 2024-2025 o‘quv yilidagi bitiruvchilariga tabrigi
Shu kecha-kunduzda shahrimiz maktablari, o‘quvchi va muallimlari hayotida unutilmas damlar kechmoqda. Yana bir o‘quv yili yakunlanib, ilm dargohlarining bitiruvchilari katta hayotga yo‘l olish arafasida turibdi. Ularning aksariyati, shubhasiz tahsilni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirishga ahd qilishgan. Muayyan qismi esa, hunar o‘rganib,turli kasblarda mehnat qilgan holda, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga qaror qilishgan. Men ularning barchasini maktabni muvaffaqiyatli tugallaganliklari bilan tabriklayman va kelgusi orzu maqsadlariga erishishlarida muvaffaqiyat va omad tilayman.
Bu yil shahrimizdagi 22 ta maktabni 2651 nafar yigit-qizlarimiz bitirib, mustaqil hayotga yo‘l oladi. Hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalariga kirish yo‘nalishi bo‘yicha tayyorgarlik amalga oshirilmoqda. Muddatdan oldin talaba bo‘lgan o‘quvchilarimiz soni 40 nafarni tashkil qiladi. Milliy hamda xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bitiruvchilarimiz soni esa 812 nafarga yetdi. Ularning 136 nafari oltin, 26 nafari esa kumush medallarga munosib ko‘rildi.
Bitiruvchi o‘quvchilarimizning 800 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, dunyo mamlakatlari va O‘zbekistonning top-universitetlari va institutlariga turli yo‘nalishlar bo‘yicha 12 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Bunday yuqori natijalar esa bejiz emas. Bu maktablarimizda ta’lim-tarbiya jarayonlarining talablar darajasida, na’munali yo‘lga qo‘yilganligidan dalolat beradi. Shahrimiz maktablari o‘quvchilarining viloyat, mamlakat hamda Xalqaro bahslar va tanlovlarda doimiy ravishda g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin egallashi xayrli an’anaga aylanganligi ham ana shuni isbotlaydi.
Jumladan, 11-maktab o‘quvchisi Jasurbek Mustafoyev kimyo fanidan IJSO-2024 xalqaro olimpiadasining saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, keyingi bosqichda ishtirok huquqini qo‘lga kiritdi. U 2024-yilning 2-12 dekabr kunlari Ruminiyaning Buxarest shahrida o‘tkazilgan 21-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida 52 ta davlatdan kelgan 303 nafar qatnashchilar o‘rtasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi, “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘olibi Farangiz Ergasheva joriy yilning mart oyida Germaniyada bir haftalik ta’lim sayohatida bo‘lib qaytdi. U sayohat davomida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida nutq so‘zladi.
Aziz bitiruvchi farzandlarim!
Navoiylik maktab o‘quvchilarining bunday quvonchli natijalari to‘g‘risida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Men esa, shahrimiz maktablari bitiruvchilarini hayotlaridagi quvonchli voqea bilan yana bir bor qutlayman va kelgusi orzu maqsadlarining amalga oshishida muvaffaqiyatlar tilayman!
