HOKIM TABRIGI
2025-05-24 08:05:00 / Yangiliklar


KASB BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!
Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashevning 24-may – “Kimyo sanoati xodimlari kuni” munosabati bilan soha xodimlariga bayram tabrigi
Qadrli va aziz kimyogarlar!
Sanoat ishlab chiqarish sohasining chinakam jonkuyarlari!
Navoiy shahrimiz haqli ravishda O‘zbekiston kimyo sanoatining yirik markazlaridan biri sifatida tan olingani bejiz emas. Shahardagi NKMKning rangli metallurgiya, uran ishlab chiqarish bo‘linmalari hamda “Navoiyazot” AJning birlashgan korxonalarida xalq va qishloq xo‘jaligi uchun ko‘plab turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatimiz nufuzi dunyo sahnida kundan-kunga yuksalib, har bir sohada ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilayotgan davrda kimyo sanoati xodimlarining mazkur muvaffaqiyatga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etishga loyiqdir.
Na faqat viloyatimiz, balki Respublikamizning eng qudratli sanoat korxonalaridan hisoblangan “Navoiyazot” AJda bugungi kunda 8600 nafardan ortiq kimyo sanoati xodimlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 3500 dan ortig‘ini xotin-qizlar, 1200 dan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Hozirgi kunda ularning sa’y-harakati bilan korxonada 80 turdagi kimyoviy mahsulot va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilib, mamlakatimiz iste’molchilarining ehtiyojini qondiribgina qolmasdan, 21 turdagi mahsulotlar, jumladan karbamid, ammiakli selitra, metanol, xlorli ammoniy, ammoniy sulfat, uniflok, suyuq xlor kabi mahsulotlar Yevropaning Avstriya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Litva, Latviya, Moldova, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Xorvatiya, Shveytsariya kabi, Osiyoning Tailand, Myanma, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Xitoy, Yaponiya, Tojikiston kabi mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Darhaqiqat, 2025-yilning birinchi choragining o‘zida “Navoiyazot” AJ negizida 115 698 tonna karbamid, 15 329 tonna ammiak selitrasi, 131 tonnadan ziyod spirtli suyuq xlor, 69 tonnadan ziyod natriy gidroxlorid, 182 tonna polivinilxlorid, 20 tonna metanol kabi tayyor mahsulotlar eksport qilinganligi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksalishiga xizmat qilganligini e’tirof etish mumkin. Sulfat kislotasi ishlab chiqarish hamda karbamid-formaldegid smolasi ishlab chiqarish kabi ikki yirik loyiha ishga tushirildi. 2025-yilda mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha o‘sish sur’ati 2024-yilga nisbatan 105,1 foizni tashkil etdi. O‘tgan yillar davomida ham Investitsiya dasturi doirasida 147 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda tayyorlanayotgan mineral o‘g‘itlarning 43,2 foizi aynan navoiylik kimyogarlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining alohida e’tibor va rahnamoligi asosida korxonada investitsiya loyihalarining izchillik bilan amalga oshirilayotgani barchamizning qalbimizni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.
Muhtaram Yurtboshimizning “Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan mazkur majmualar navoiylik kimyogarlarga mahsulotlar hajmini oshirish, tannarxini tushirish, raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi”, degan so‘zlari Siz soha fidoyilarini yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga da’vat etadi, albatta. Eng muhimi, mamlakatimiz taraqqiyoti va rivoji, yuksalish jarayonlari, qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarda mazkur nufuzli korxonaning o‘rni, jamoasining fidokorona mehnati borligini hamisha mamnuniyat bilan e’tirof etamiz va korxonada samarali mehnat qilib kelayotgan 40 dan ortiq soha fidoyilarining turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani korxona jamoasi mehnatiga berilgan yuksak baho, albatta.
Aziz navoiylik kimyogarlar!
Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklayman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, mamlakatimiz kimyo sanoati rivoji yo‘lidagi fidokorona faoliyatingizda yangi yutuqlar va omad tilayman!
