DOLZARB
2025-04-23 17:10:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy shahar hokimligida shahar hokimi Dilmurod Ergashev raisligida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda hokim o‘rinbosari Nasiba Raximova, mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar faollari, tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-mart kungi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 145-sonli qarorining ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi. Unda 6-bosqich “Ayollar daftari”ning amaldagi holati, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda ayrim mahallalarda “Ayollar daftari” bo‘yicha olib borilgan ishlarning sustligi, murojaatlar asosida ko‘tarilgan muammolarning to‘liq hal etilmaganligi, individual yondashuvning yetarli darajada emasligi tanqid ostiga olindi. Bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun mas’ullarga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar berildi.
Xususan, xotin-qizlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni tegishli davlat dasturlariga jalb qilish, oilaviy muammolarning ildiziga tushib, samarali choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli rahbarlar va mahalla raislari faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Yig‘ilish davomida ayrim mahalla faollari tomonidan ilgari surilgan takliflar, amaliy tajribalar va tashabbuslar muhokama qilinib, ular asosida kelgusidagi ish rejalari shakllantirildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bu kabi uchrashuvlar tizimli asosda o‘tkazilib turilishi zarurligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida shahar hokimi barcha mas’ul rahbarlarga ayollar masalasi — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini chuqur anglab, ushbu yo‘nalishda fidoyilik va mas’uliyat bilan ishlash zarurligini yana bir bor eslatdi.








