SHAXSIY QABUL
2026-09-17 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev hamda hokim o'rinbosari Azimjon Yorqulovlar tomonidan shahar Xalq qabulxonasi binosida fuqarolar va yoshlar uchun navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi. Mazkur qabul Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar doirasida o‘tkazilib, unda ayniqsa yoshlarning murojaat va takliflariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul davomida yoshlar, muammolari mavjud fuqarolar hamda turli soha vakillari ishtirok etib, o‘zlarini qiynayotgan masalalar, taklif va tashabbuslari bilan murojaat qildilar. Murojaatlar asosan ijtimoiy yordamlar, bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy, infratuzilma, kommunal xizmatlar, ta’lim, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda boshqa yo‘nalishdagi masalalarni qamrab oldi.
Qabul jarayonida har bir murojaat atroflicha tinglanib, masalalarning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganildi. Rahbarlar tomonidan murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilot va korxona mas'ullariga aniq topshiriqlar berildi hamda ayrim masalalarni joyida hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Shuningdek, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etiladigan murojaatlar alohida nazoratga olinib, ularning qonuniy, adolatli va o‘z vaqtida yechimini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ayniqsa yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish hamda hayotdagi o‘rnini mustahkamlash bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









