SAYYOR QABUL
2026-09-04 15:00:00 / Yangiliklar

AHOLI MUROJAATLARI JOYIDA O‘RGANILIB, AMALIY YECHIMLAR BELGILANDI
Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligida shahar prokurori, IIB va DSI rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda tegishli tashkilot va idoralarning mas’ullari ishtirokida Navoiy shahridagi «Istiqlol» mahallasi hududida joylashgan "EKO BOG'"da navbatdagi ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulning asosiy maqsadi — aholi bilan bevosita muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish, murojaatlarga mas’ul rahbarlar ishtirokida aniq va amaliy yechimlar belgilashdan iborat bo‘ldi.
Qabulda 50 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan murojaat qildi. Fuqarolar tomonidan bandlik va ishga joylashish, ijtimoiy himoya, uy-joy, kommunal xizmatlar, obodonlashtirish, yo‘l va infratuzilma, tadbirkorlik, soliq masalalari, huquqiy yordam hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha taklif va murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat batafsil tinglanib, uning mazmun-mohiyati mas’ul rahbarlar ishtirokida o‘rganildi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning sabablarini aniqlash va imkoniyat darajasida joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul jarayonida hal etilishi mumkin bo‘lgan ayrim murojaatlar bo‘yicha shu yerning o‘zida amaliy choralar belgilandi. Qo‘shimcha o‘rganish, hujjatlarni rasmiylashtirish yoki bir nechta tashkilot ishtirokini talab qiladigan masalalar yuzasidan esa mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish, fuqarolarga murojaat natijasi haqida ma’lumot berish va berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ijro intizomi va murojaatlarning natijadorligi alohida nazoratga olindi.
Har bir murojaat — e’tiborda, har bir masala — nazoratda!
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









