MUSTAQILLIK AYYOMI MUBORAK BO‘LSIN!
2026-08-31 14:30:00 / Yangiliklar

MUSTAQILLIK AYYOMI MUBORAK BO‘LSIN!
Assalomu alaykum!
Aziz navoiyliklar!
Hurmatli hamshaharlar!
Bugun yurtimizning barcha go‘shalarida ko‘tarinki ruh, yuksak shukronalik va bayram kayfiyati hukmron. Zero, qutlug‘ ayyomimiz — O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining barcha yo‘nalishlarida erishilayotgan ulkan yutuqlar, yangilanish va bunyodkorliklar bilan kutib olinmoqda. Ana shunday shukuhli damlarda siz, aziz navoiyliklarni Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi bilan chin qalbimdan muborakbod etayotganimdan g‘oyat baxtiyorman.
Zero, 1-sentabr — Mustaqillik kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan, jahon xaritasida yangi, mustaqil va suveren davlat — O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sana hisoblanadi. Shu bois bu qutlug‘ kun xalqimiz tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida doimo katta shodu xurramlik bilan nishonlab kelinmoqda.
Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil iyul oyidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib tarzda o‘tkazishga qaratilgan qarori asosida shahrimizdagi korxona, tashkilot va muassasalar, mahallalarda «Yagona Vatan — yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari izchil amalga oshirildi.
Shahrimiz mehnat jamoalari tomonidan ulug‘ bayramga munosib mehnat sovg‘alari tayyorlandi. Sanoat mahsulotlari, jumladan, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish qayd etildi. Mahsulotlar eksportida ham ijobiy tendensiya kuzatildi.
Aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosida ham salmoqli natijalarga erishildi. Joriy yilning birinchi yarmida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarildi.
Joriy yilning yanvar–iyun oylarida 5,6 ming nafar, ya’ni olti oylik rejaga nisbatan 235,7 foiz aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi. Shu davrda 6,3 ming nafar fuqaro, ya’ni belgilangan rejaga nisbatan 253 foiz aholi tadbirkorlikka jalb qilindi. O‘zini o‘zi band qilish hisobiga 5,4 ming nafar, yangi korxonalar tashkil etish orqali 500 nafar, yakka tartibdagi tadbirkorlik hisobiga esa 400 nafar hamshaharimiz o‘z biznesini boshladi.
Shahrimizda ta’lim va ijtimoiy sohaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Navoiy shahar maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 23 ta maktabning 18 tasida inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, ularni jihozlash uchun joriy yil 2-iyul sanasida Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi tomonidan mahalliy budjetning 2026-yil birinchi chorak yakuni bo‘yicha daromadlar rejasidan ortirib bajarilgan qismi hisobidan 400 million 391 ming so‘m mablag‘ ajratildi.
2026-yil boshidan buyon ijtimoiy soha yo‘nalishiga mahalliy budjetning ortirib bajarilgan qismidan 6 milliard 311 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi samaradorligini oshirish maqsadida maktablarga 2 milliard 400 million so‘m, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 1 milliard 505 million so‘m, tibbiyot yo‘nalishida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish uchun 1 milliard 570 million so‘m, madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va aholining ijtimoiy kayfiyatini yuksaltirish maqsadida 900 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Darhaqiqat, viloyat markazi — Navoiy shahri mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini o‘zida yaqqol namoyon etayotgan yirik sanoat hududlaridan biridir. Shahrimizning yangi mikrorayonida qad rostlayotgan ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar, yangi inshootlar, yangilanib borayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, obod mahallalar va farovon hayot manzaralari hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samaralarini namoyon etmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan shahrimizda 19 ta umumta’lim maktabi, shuningdek, qo‘shimcha ravishda barpo etilgan 810 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi, «Yangiariq» mahallasida aholi uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi mahalla binosi hamda bir qator katta-kichik ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirildi.
Hamshaharlarimiz Mustaqillik bayrami munosabati bilan joriy yilning 90 kunlik obodonlashtirish tadbirlari doirasida «Yagona Vatan va umumiy kelajak sari» g‘oyasi hamda «Mahalla obod — yurt obod» shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq hasharida ham faol ishtirok etdilar.
Xullas, navoiyliklar Vatanimizning ertangi istiqboliga yuksak ishonch, bunyodkorona mehnat, ahillik va hamjihatlik ruhida Mustaqilligimizning 35 yillik bayramini munosib kutib olmoqdalar.
Umumxalq hasharida hamshaharlarimizning faol ishtirok etgani, shahrimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, uni yanada obod va fayzli maskanga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgani ham yurtdoshlarimizning Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksak ekanidan dalolatdir.
Ayni shu kunlarda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlari singari Navoiy shahri ham bayram og‘ushida. Hamshaharlarimiz Mustaqilligimizning 35 yilligini katta shodu xurramlik, istiqlolimizning abadiyligi va ona Vatanimizning porloq kelajagiga yuksak ishonch ruhida nishonlamoqdalar.
Aziz hamshaharlar!
Qadrli navoiyliklar!
Sizlarni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xotirjamlik, fayzu baraka va ulkan zafarlar tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon bo‘lsin!
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti bardavom bo‘lsin!
MUSTAQILLIK AYYOMI BARCHAMIZGA MUBORAK BO‘LSIN!
