NAVOIY SHAHRIDA TEMIR YO‘L ATROFI YANGICHA QIYOFA KASB ETMOQDA
2026-07-29 10:30:00 / Yangiliklar

NAVOIY SHAHRIDA TEMIR YO‘L ATROFI YANGICHA QIYOFA KASB ETMOQDA
Navoiy shahri hududidan o‘tuvchi temir yo‘l yoqalari, unga tutash hududlar hamda ushbu hududlarda joylashgan bino va inshootlar atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish, hashar va sanitariya-tozalash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur ishlar viloyat hokimi Normat Tursunovning hududga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida tashkil etilgan. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida hududlarda keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Navoiy shahar hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Haqberdiyev boshchiligida temir yo‘l bo‘ylab joylashgan hududlar muntazam ravishda o‘rganilib, mavjud muammo va kamchiliklar joyida tahlil qilinmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olingan.
Har kuni erta tongdan boshlab hududlarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, devorlarni ta’mirlash va bo‘yash, begona o‘tlarni tozalash, chiqindilarni olib chiqish, daraxtlarni va yerlarni tartibga keltirish hamda sanitariya holatini yaxshilash ishlari kun davomida doimiy nazorat ostida olib borilmoqda.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida temir yo‘l bo‘yi hududlari bosqichma-bosqich zamonaviy va ozoda qiyofa kasb etmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar belgilangan reja asosida izchil davom ettirilib, hududlarning estetik ko‘rinishi va sanitariya holatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi.
MAXSUS VIDEO
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati






