HASHAR
2026-07-26 13:05:00 / Yangiliklar

NAVOIY SHAHRIDA “OG‘IR TOIFADAGI” MAHALLALARDA TIZIMLI ISHLAR DAVOM ETMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 16-iyul kuni “Mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahrida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur topshiriqlar asosida shahardagi 6 ta mahalla ijtimoiy-iqtisodiy holati chuqur tahlil qilinib, “og‘ir toifadagi” mahallalar sifatida belgilandi hamda har biri shahar hokimining o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va tegishli tashkilotlar mas’ullariga biriktirildi.
Xususan, Navoiy shahar IIB boshlig‘i, podpolkovnik Ahmadali Qodirovga “Tinchlik” mahallasi biriktirilib, hududda aholi muammolarini kompleks hal etish, xavfsiz muhitni yaratish va fuqarolar bilan manzilli ishlashga qaratilgan tizimli ishlar boshlandi.
Bugun mahallada sayyor qabul o‘tkazilib, unda kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, “Ijtimoiy reyestr” va “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan oilalar hamda barcha mahalla aholisi murojaatlari qabul qilindi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan masalalar joyida o‘rganilib, tezkor hal etilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar nazoratga olindi.
Shuningdek, “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida Tinchlik mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va hashar ishlari tashkil etildi. Hasharda ishtirok etayotgan fuqarolar uchun osh damlandi.
Tadbir avvalida Navoiy shahar IIB boshlig‘i rahbarligida mahalla yettiligi, ichki ishlar organlari xodimlari hamda tegishli mutasaddilar ishtirokida shtab yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mahalladagi har bir xonadonning muammolarini o‘rganish, fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash hamda belgilangan vazifalarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Mazkur amaliy ishlar orqali “Tinchlik” mahallasida aholi muammolarini joyida hal etish, fuqarolar farovonligini oshirish va xavfsiz hamda obod mahalla muhitini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









