MAQOLA
2026-07-25 15:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Kredit kechiksa, ertasiga sud bo‘ladimi?
Ko‘pchilik kredit to‘lovini biroz kechiktirsa, bank darhol sudga beradi deb o‘ylaydi, lekin amalda O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra bank avval mijozga rasmiy talabnoma yuborishi shart, ya’ni bu jarayon nizoni sudgacha hal qilish bosqichi hisoblanadi.
Bu tartib “Tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar” to‘g‘risidagi Nizomning 43-bandida, shuningdek Fuqarolik prosessual kodeks va Iqtisodiy prosessual kodeksda aniq belgilab qo‘yilgan, unga ko‘ra bank to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilmaydi.
Ya’ni, Iqtisodiy prosessual kodeksining 148-moddasi ikkinchi qismida agar qonunda muayyan toifadagi nizolar uchun sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, faqat taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan keyingina sudda ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Amalda jarayon shunday kechadi, ya’ni bank avval mijozga yozma talabnoma yuboradi va unda qarzni qaysi muddatda to‘lash kerakligi ko‘rsatiladi, agar mijoz shu muddatda to‘lovni amalga oshirmasa, shundagina bank sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Bu tartib har ikki tomon uchun ham muhim hisoblanadi, chunki mijozga qarzni to‘lash uchun yana bir imkoniyat beriladi va o‘zini himoya qilish imkoniyati paydo bo‘ladi, bank esa qonuniy tartibda ish yuritib, suddagi ishi rad etilmasligi uchun barcha bosqichlarga rioya qiladi, sud esa faqat haqiqiy nizo yuzaga kelgan holatdagina aralashadi.
Shu bilan birga, kredit to‘lovlarini kechiktirish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan kredit tarixi yomonlashadi, keyinchalik boshqa banklardan kredit olish qiyinlashadi va ortiqcha sud xarajatlari yuzaga keladi.
Demak, yuqoridagi holatda bank darhol sudga bermaydi, lekin kechiktirishni odatga aylantirish ham katta xato hisoblanadi. Bu esa kelgusida ishingiz sudda ko‘rib chiqilishiga asos bo‘lishi mumkin.
Shu bois, kredit shartnomasida olgan majburiyatingizni bajaring.
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi B.Xolmurodov
