XITOY TAJRIBASI ENDI NAVOIY SHAHRIDA JORIY ETILADI
2026-05-22 10:50:00 / Yangiliklar

XITOY TAJRIBASI ENDI NAVOIY SHAHRIDA JORIY ETILADI
Chiqindidan foyda olish mumkinmi? Xitoy bilan muhim muzokaralar
🇺🇿Ayni kunlarda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
🇨🇳Tashrif doirasida o‘tkazilayotgan III-O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni kengaytirish hamda yangi investitsion loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanmoqda.
🇺🇿Forum doirasida bugun,
Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning yirik sanoat kompaniyalaridan biri bo‘lgan Wuhan Tianyuan Group Co., Ltd. kompaniyasi rahbariyati va vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi
🇨🇳Muloqot davomida bugungi kunda dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri — yashil energetikani rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, maishiy va sanoat chiqindilarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, chiqindilar hajmini kamaytirish, ekologik holatni yaxshilash hamda energiyani saqlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
🇺🇿Ta’kidlanganidek, bunday zamonaviy texnologiyalarni Navoiy shahrida joriy etish nafaqat ekologik muammolarni kamaytirishga, balki qo‘shimcha energiya manbalarini yaratish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va aholi uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etishga ham xizmat qiladi. Tomonlar kelgusida mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
🇺🇿🇨🇳Shuningdek, delegatsiya Lingzhi Equipment Co., Ltd. kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
🇨🇳Muzokaralar davomida chiqindilarni tozalash va qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xitoy tomoni o‘zining zamonaviy texnologik imkoniyatlari, innovatsion ishlab chiqarish tajribasi hamda ekologik xavfsizlikka yo‘naltirilgan ilg‘or ishlanmalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
🇺🇿Uchrashuv davomida Navoiy shahrida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqish, ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish hamda sanitariya tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi. Qayd etilishicha, bunday loyihalar shaharning ekologik holatini yaxshilash bilan birga, investitsion jozibadorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
🇨🇳Mazkur uchrashuv va muzokaralar Navoiy shahrida “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
🇺🇿Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar kelajakda aholi uchun yanada qulay va ekologik toza muhit yaratishga xizmat qiladi.






