MUNOSABAT
2026-04-25 17:05:00 / Yangiliklar

#PRESS_TUR
G‘OZG‘ON SHAHRIGA TASHRIF
YANGILANAYOTGAN HAYOT, YANGI TARIX BOSHLANISHI
✏️Navoiy viloyatining eng yosh va jadal rivojlanayotgan shaharlaridan biri — G‘ozg‘on bugun o‘zining yangilanish jarayonlari, bunyodkorlik ishlari hamda o‘ziga xos tabiati bilan alohida e’tibor qozonmoqda.
✏️Ushbu shahar nafaqat sanoat salohiyati, balki boy tabiiy va tarixiy merosi bilan ham tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uyg‘otadi.
✏️G‘ozg‘onliklar azaldan samimiy, mehnatkash va mehmondo‘st xalq sifatida tanilgan. Har bir mehmon bu yerda ochiq chehra, iliq muomala va chin dildan ko‘rsatilgan hurmatni his etadi. Aynan shu insoniy fazilatlar shaharning eng katta boyliklaridan biri sanaladi.
✏️Shaharning tabiati o‘ziga xos va betakror. Musaffo havo, chiroyli manzaralar, shifobaxsh buloqlar inson salomatligi va ruhiy tetiklik uchun ayni muddao. Muqaddas qadamjolar, qadim tarixdan darak beruvchi tosh bitiklar va mashhur tosh yozuvlari esa nafaqat tarix ixlosmandlari, balki oddiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi. Bu maskanlarda har bir tosh, har bir zarra go‘yo o‘tmishdan hikoya qiladi.
✏️G‘ozg‘on yer osti boyliklari bilan ham alohida ahamiyatga ega. Bu hududda joylashgan konlar, tabiiy resurslar va ayniqsa qimmatbaho tosh zaxiralari mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim o‘rin tutadi. Bejizga “har bir zarra toshi oltindek qadrli” deya ta’riflanmaydi — bu yurt haqiqatan ham bebaho boyliklar makonidir.
✏️Shaharda infratuzilma jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Barcha ichki yo‘llarning to‘liq asfaltlanganligi, yangi turar joylar, zamonaviy binolar, aholining dam olishi uchun yaratilayotgan maskanlar hamda turli xizmat ko‘rsatish obyektlarining qurilishi yuqori bosqichda olib borilmoqda.
✏️Bularning barchasi G‘ozg‘onning ertangi kuni yanada farovon bo‘lishidan dalolat beradi.
✏️Bir so‘z bilan aytganda, bugun G‘ozg‘on shahrining yangi tarixi yaratilmoqda.
Bu tarix — mard va tanti xalqning fidokorona mehnati, bunyodkorlik ruhi va kelajakka bo‘lgan ishonchi bilan bunyod etilmoqda.
✏️Kuni kecha viloyat hokimligi Axborot xizmati tashabbusi bilan Respublika darajasidagi tajribali jurnalistlar, OAV vakillari, blogerlar hamda viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimliklari matbuot kotiblari ishtirokida tashkil etilgan Press-tur doirasida shahar hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
✏️Mazkur tashrif davomida ishtirokchilar muhim uchrashuvlarda qatnashib, yirik sanoat korxonalaridagi ish jarayonlari, ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsion yondashuvlar bilan tanishdilar.
✏️Bundan tashqari, G‘ozg‘onning kechasi, buguni va ertangi hayoti, uning bugungi taraqqiyot bosqichi hamda istiqboldagi ulkan rejalari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shahar infratuzilmasi, ijtimoiy obyektlar, bunyodkorlik ishlari va aholi turmush darajasidagi ijobiy o‘zgarishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
✏️G‘ozg‘on — bu faqatgina yangi shahar emas. Bu — imkoniyatlar makoni, mehnat va taraqqiyot uyg‘unlashgan maskan, kelajak sari dadil odimlayotgan zamonaviy hududdir.
Bobur Ahrorov,
Navoiy shahar hokimining Matbuot kotibi.
BATAFSIL VIDEO
