SAYYOR QABULDA 30 GA YAQIN MUROJAAT KO‘RIB CHIQILDI
2026-04-23 20:30:00 / Yangiliklar

SAYYOR QABULDA 30 GA YAQIN MUROJAAT KO‘RIB CHIQILDI
Yoshlar bilan ishlash, ularning muammo va takliflariga quloq tutish hamda amaliy yechimlar topish — bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biridir. Shu maqsadda joylarda ochiq muloqotlar va sayyor qabullar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Bugun Navoiy shahrida “Yoshlar kuni” munosabati bilan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Unda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev, DSI boshlig‘i F.Ergashev, shahar hokimining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari O‘. Haqberdiyev, ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari A. Yorqulov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N. Rahimova, shuningdek, tegishli tashkilotlar hamda mahalla mutasaddilari ishtirok etdi.
Qabul davomida yoshlar, shuningdek, turli murojaat va muammolari, takliflari mavjud bo‘lgan 30 ga yaqin fuqarolar ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, mas’ul tashkilotlar ishtirokida joyida muhokama qilindi.
Xususan, bandlik, tibbiyot, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uy joy va yotoqxona, tadbirkorlikni rivojlantirish, kontrakt to‘lovlari, kommunal xizmatlar hamda boshqa dolzarb yo‘nalishlarga oid masalalar ko‘tarildi. Ayrim murojaatlar shu joyning o‘zida ijobiy hal etilib, qolganlari yuzasidan aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Mazkur sayyor qabul fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularning muammolarini tezkor va samarali hal etish, ayniqsa yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
BATAFSIL VIDEO
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









