Shahar hokimi “IELTS SCHOOL” o‘quv markazida
2026-04-23 10:25:00 / Yangiliklar

BUGUN — PAYSHANBA,
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning ushbu kuni mamlakatimizda “Yoshlar kuni” etib belgilangan. Mazkur tashabbus yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
☑️Shu munosabat bilan bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev kun davomida shahrimizdagi turli ta’lim muassasalari va tashkilotlarda bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Uchrashuvlar jarayonida yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari, shuningdek, mavjud muammo va murojaatlari atroflicha o‘rganilib, ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
☑️Kunning birinchi manzili sifatida shahar hokimi shahrimizdagi “IELTS SCHOOL” o‘quv markazida bo‘lib, mazkur maskan faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida markazda yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, zamonaviy ta’lim metodlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.
☑️Shuningdek, yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning bilim olishga bo‘lgan intilishi, erishgan natijalari, kelajak rejalari va qiziqishlari tinglandi. Yoshlarning taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularni yanada rag‘batlantirish, sifatli ta’lim olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
✅Ma’lumot o‘rnida, mazkur o‘quv markazi 1000 o‘rinli bo‘lib, hozirgi kunda 700 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Dars mashg‘ulotlari smena asosida tashkil etilgan bo‘lib, markazda asosan ingliz tili va IT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi. Yaqin istiqbolda robototexnika hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ham o‘qitishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
☑️Shu bilan birga, bugungi kunga qadar mazkur o‘quv markazini 5000 nafardan ortiq yoshlar muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab kelmoqda.
✅Mazkur tashrif yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
BATAFSIL VIDEO
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









