ONA VATANGA QASAMYOD
2026-04-05 16:10:00 / Ochiq budjet

ONA VATANGA QASAMYOD
Bugun Navoiy shahridagi 7532-harbiy qismda Vatanga sadoqat va harbiy burchga fidoyilik ramzi bo‘lgan tantanali Qasamyod qabul qilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, shuningdek, askarlarning ota-onalari va oila a’zolari ishtirok etdilar.
Marosim davomida muddatli harbiy xizmatga kirib kelgan yosh askarlar O‘zbekiston Respublikasiga sodiq bo‘lish, uning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish, har qanday vaziyatda xalq va Vatanga xizmat qilishga tantanali ravishda qasamyod qildilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Shahar hokimi o‘z nutqida askarlarni ushbu sharafli yo‘l bilan tabriklab, ularga xizmat davomida matonat, intizom, sadoqat va kuch-quvvat tiladi.
Tantanali marosim ko‘tarinki ruhda, kuy-qo‘shiqlar va madaniy chiqishlar bilan davom ettirildi. Ushbu tadbir yosh askarlar qalbida Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va osoyishtaligini asrashga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati








