UCHRASHUV
2026-03-27 22:05:00 / Ochiq budjet

FARZAND TA’MINOTI – ENG MUHIM MAS’ULIYAT
Bugun viloyat Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosida Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligida, shahar prokurori B. Oblakulov, shahar IIB mas’ullari, DSI boshlig‘i F. Ergashev, shahar Prokuratura departamenti boshlig‘i Sh. Dovidov, hokim o‘rinbosarlari, mahalla yettiligi mutasaddilari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Navoiy shahrida aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorliklarni undirish masalasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda aliment to‘lovlaridan qarzdor bo‘lgan, ayni paytda ishsiz bo‘lgan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning mavjud muammolari, qarzdorlik kelib chiqish sabablari va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida mas’ullar tomonidan aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish har bir ota-onaning qonuniy majburiyati ekani qat’iy ta’kidlanib, ushbu majburiyatni bajarmaslik oqibatida yuzaga keladigan huquqiy javobgarlik choralari haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, ishsiz fuqarolarni bandlikka jalb etish, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunar o‘rganishlariga ko‘maklashish orqali daromad manbaini yaratish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Har bir fuqaroning murojaati individual tartibda o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, qarzdorlikni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. Mas’ul tashkilotlar rahbarlariga ushbu yo‘nalishda tizimli ishlarni kuchaytirish, nazoratni yanada qat’iylashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, aliment to‘lovlari farzandlar ta’minoti uchun muhim manba hisoblanadi. Shu bois, har bir ota-ona o‘z zimmasidagi majburiyatni to‘liq anglab, qonun talablariga so‘zsiz rioya etishi zarur.
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar doimiy nazoratda bo‘lishi qayd etildi.
Navoiy shahar hokimligi
Axborot xizmati









