“XALQ NAZORATI” PLATFORMASI– SEMINAR
2026-01-21 12:20:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligida hamda tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida “Xalq nazorati” platformasining asosiy sahifasi va undan foydalanish tartibi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, “Xalq nazorati” (Navoiy shahrida sinov tarzida) platformasi davlat va mahalliy xizmatlar faoliyati ustidan fuqarolar nazoratini ta’minlovchi interaktiv axborot servisi hisoblanadi.
Platforma orqali kelib tushgan xabarlar “murojaat” sifatida emas, balki belgilangan reglament asosida ko‘rib chiqiladi. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 695-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, foydalanuvchilar uchun platformaga kirish nuqtasi — asosiy bosh sahifa bo‘lib, fuqaro aynan shu sahifa orqali o‘z hududidagi muammoni tanlab, tizimga xabar yuborishni boshlaydi. Xabarlar faqat platformada belgilangan yo‘nalishlar (kommunal sohada) doirasida qabul qilinadi. Shuningdek, platforma fuqarolarning shaxsiy yoki hayotiy muammolariga javob berishga mo‘ljallanmaganligi alohida qayd etildi.
Ijrochilar xalqnazorati.uz sayti orqali (kompyuter yoki mobil qurilma brauzeri yordamida) “Kirish” tugmasini bosib, moderatorlar tomonidan taqdim etilgan login (telefon raqami ko‘rinishida) va parol orqali ijrochi sahifasiga o‘tishlari mumkinligi tushuntirildi.
Seminar yakunida soha mutaxassislari tomonidan platformadan samarali foydalanish, kelib tushayotgan xabarlarni belgilangan muddat va tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha batafsil amaliy ma’lumotlar berildi.




