YOSH TADBIRKORLAR VA IT REZIDENTLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2026-01-20 20:25:00 / Yangiliklar

YOSH TADBIRKORLAR VA IT REZIDENTLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
Tashrif davomida Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududida faoliyat yuritish niyatidagi yosh tadbirkorlar hamda IT sohasida faoliyat olib borayotgan “BUILD-UNITEC” korxonasi rezidentlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv jarayonida yosh tadbirkorlarga mazkur sanoat va tadbirkorlik zonasida yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mavjud imkoniyatlar, imtiyozlar va infratuzilma haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy faoliyatga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“BUILD-UNITEC” rezident kompaniyasi rahbari F. Bahriddinov bo‘lib, mazkur kompaniya Amerika logistika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi rezident kompaniya hisoblanadi. Hozirgi kunda kompaniya o‘z faoliyatini Navoiy shahrida ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
✔️Ushbu loyiha doirasida:
➡️30 ta yangi ish o‘rni yaratish,
➡️IT yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlash,
➡️yoshlar uchun zamonaviy bilim va amaliy tajriba berish ko‘zda tutilgan.
✔️Mazkur tashabbus Navoiy shahrida iqtisodiy faollikni oshirish, zamonaviy logistika va IT sohalarini rivojlantirish, eng muhimi, yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar va tashabbuskorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir qator imtiyozlar belgilangan.
Jumladan, sanoat zonasida faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun 3 oylik imtiyozli davr taqdim etilib, ushbu muddat davomida ijara to‘lovlaridan to‘liq ozod qilinadi. Bu esa boshlang‘ich bosqichdagi xarajatlarni kamaytirish va biznesni barqaror shakllantirishga katta yordam beradi.
Shuningdek, tadbirkorlarning o‘z xohish va talablaridan kelib chiqib, ajratilgan xonalar va ishlab chiqarish maydonlarining ichki qismi to‘liq ta’mirlab beriladi. Ichki ta’mirlash jarayoni biznes yo‘nalishiga mos tarzda tashkil etilib, zarur kommunikatsiyalar, yoritish, sanitariya holati va ish sharoitlari to‘liq talab darajasiga keltiriladi.
Mazkur imtiyoz va ko‘mak choralarining barchasi tadbirkorlikni keng rivojlantirish, yangi loyihalar paydo bo‘lishi, shuningdek, hududda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.









