SEMINAR-RO'YXATGA OLISH
2026-01-13 15:15:00 / Yangiliklar

PATRONAJ HAMSHIRALAR UCHUN O‘QUV SEMINARI TASHKIL ETILDI
✔️O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF–173-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda mazkur muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rish hamda targ‘ibot-tushuntirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
✔️Shu munosabat bilan bugun Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan patronaj hamshiralar uchun maxsus o‘quv seminari tashkil etildi. Mazkur seminar Navoiy shahar statistika bo‘limi boshlig‘i Husniddin Qarshiboyev tomonidan olib borildi.
✔️Seminar davomida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati, shuningdek, ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazishda patronaj hamshiralar zimmasiga yuklatilgan vazifalar atroflicha tushuntirildi.
✔️Shuningdek, fuqarolar bilan ishlashda to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, axborotlarni aniqlik bilan yig‘ish, ro‘yxatga olish jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
✔️Mazkur o‘quv seminari patronaj hamshiralarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkiliy, sifatli va samarali amalga oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









