JARAYON
2026-01-13 14:30:00 / Yangiliklar

“YOSHLAR SANOAT VA TADBIRKORLIK ZONASI”DAGI ISH JARAYONLARI O‘RGANILDI
Bugun Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev "Bunyodkor" mahallasi hududida joylashgan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi”da bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish, pardozlash va bunyodkorlik jarayonlarini o‘rgandi.
Tashrif davomida sanoat zonasi hududida bunyod etilayotgan yangi loyihalar, mavjud infratuzilmaning rivojlanish holati, kommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari hamda qurilish jarayonlarining sifatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirkorlik zonasi hududidagi bino va inshootlarda ichki qulayliklarni ta’minlash maqsadida zamonaviy liftlar o‘rnatish ishlari amalga oshirilgan.
65 sotix yer maydonida barpo etilgan ushbu sanoat markazida tadbirkorlar uchun jami 103 ta ijara xonasi tashkil etilgan bo‘lib, loyiha to‘liq ishga tushgach, 300 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Mazkur hududda yaratilayotgan sharoitlar yosh tadbirkorlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib, sanoat zonasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.









